Ai-80 narxi davlat tomonidan tartibga solinishi tartibi bekor qilinadi
Prezidentning «Neft-gaz tarmog‘ining moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Ai-80 markali avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isi (shu jumladan EKO markali dizel yoqilg‘isi) chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinadi, shuningdek neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan Ai-80 markali avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isini (shu jumladan EKO markali dizel yoqilg‘isini) sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshiriladi.
Sud hukmlari, qarorlari, ajrimlari yoki hal qiluv qarorlari qonuniy kuchga kirgan ishlarni prokuror tomonidan tomonlarning murojaati mavjud bo‘lgandagina suddan talab qilib olish tartibi kuchga kiradi
Davlat dasturi to‘g‘risida prezident Farmoniga muvofiq, qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida 2020 yil 1 maydan boshlab sud hukmlari, qarorlari, ajrimlari yoki hal qiluv qarorlari qonuniy kuchga kirgan ishlarni prokuror tomonidan tomonlarning (prokurordan tashqari) murojaati mavjud bo‘lgandagina suddan talab qilib olish tartibi amaliyotga joriy etiladi.
2020 yil uchun davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalar ta'minoti uchun ota-onalar to‘lovining yangi miqdorlari amalga kiradi
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 fevraldagi 114-son qarori bilan 2020 yil uchun davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalar ta'minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlari tasdiqlandi.
Hududlarda dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha klaster tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Prezidentning shu yil 10 apreldagi qarori bilan 2020 yil 1 maydan boshlab Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining dorivor o‘simliklarni yetishtirish, saqlash, birlamchi yoki chuqur qayta ishlash klasterlarini (dorivor o‘simliklar klasteri) tashkil etish, shuningdek, hududlarni dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha ixtisoslashtirish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullangan.
Prezident qarori bilan 50 turdagi asosiy dorivor o‘simliklarni yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan hududlar ro‘yxati belgilandi.
Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi tashkil etiladi
«O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori bilan davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs maqomiga ega Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi hamda tibbiyot oliy ta'lim muassasalarida va Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Xalq tabobatini rivojlantirish markazlari tashkil etiladi.
Quyidagilarda xalq tabobati xonalari ochiladi:
- tuman (shahar), viloyat va respublika darajasidagi davlat ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalarida;
- nodavlat tibbiyot tashkilotlarida.
Davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va resurslarida axborotni shakllantirish, saqlash va qayta ishlash noyob identifikatorlardan foydalangan holda amalga oshiriladi
Qarorga binoan, ushbu identifikatorlar quyidagilardan iborat:
- jismoniy shaxslar — jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR);
- yuridik shaxslar — soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR);
- ko‘chmas mulk — kadastr raqami;
- manzillar — geografik kod;
- transport vositalari — transport vositasining identifikatsiya raqami.
manba: kun.uz