Investitsion loyihalar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 2 avgustdagi №PQ-2017 sonli “2013-2016 yillarda Qashqadaryo viloyati sanoat salohiyatini rivojlantirish to‘g‘risida”gi va 2015-yil 25-dekabrdagi №PQ-2458 sonli “O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil Investitsiyalar dasturi to‘g‘risida”gi  qarorlariga binoan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari haqida umumiy ma’lumotlar:

“To‘yinmagan C3/C4 uglevodorodlarini gidrirlash qurilmasi” loyihasi:

Fransiyaning “Axens” kompaniyasining suyuq fazada gidrirlash texnologik jarayonida asoslangan mazkur loyiha Majmua tomonidan ishlab chiqarilayotgan suyuq uglevodorodlar miqdorini ko‘paytirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Aniqlangan dastlabki asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarga binoan yillik quvvati 8 ming tonna suyultirilgan gaz (propan-butan aralashmasi) va 2 ming tonna gaz kondensati bo‘lgan qurilmani barpo etish uchun 9,8 mln. AQSH dollari miqdorida kapital qo‘yilmalar amalga oshirilishi kutilmoqda. Qurilma ishga tushgach 20 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Loyihani amalga oshirish bilan xom ashyo gazini hajmini ko‘paytirmasdan qo‘shimcha suyuq uglevodorodlar ishlab chiqarilishini ko‘payiishga erishiladi. Ushbu loyihaga xom ashyo sifatida majmuaning Etilen sexidagi dietanizator kolonnasi va Polietilen sexidagi somonomer kolonnalarining kub qismidagi chiqindi mahsulot sanalgan va tarkibida to‘yinmagan uglevodorodlar mavjud bo‘lgan suyuqliklardan foydalaniladi.
Loyihani amalga oshirish uchun jami 50 ga yaqin turli kolonna, sig‘im, rotatsion va issiqlik almashinuv apparatlari olib kelish talab etiladi.
Hozirgi kunda loyihani o‘rnatilgan muddatlarda amalga oshirish uchun:
- Texnologik jarayonni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha litsenziar (Fransiyaning “Axens” kompaniyasi) tomonidan loyihaning Texnologik reglamenti ishlab chiqildi;
- Qurilmaning tozalangan vodorod gaziga ehtiyojini ta’minlash maqsadida Germaniyaning «LINDE» kompaniyasidan qisqa siklli adsorbsiya usulida toza vodorod olish qurilmasi harid qilinib, o‘rnatildi;
- Qurilma uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va jixozlarni yetkazish bo‘yicha Pudratchi tanlash maqsadida “Qurilma jihozlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish, injiniring hamda kurilishini nazorat qilish” uchun ishlab chiqilgan Texnik shartlarga asosan tegishli tartibda Tender savdosi jarayonlari nihoyasiga yetkazilgan. Tenderda golib chikgan Pudratchi bilan o‘rnatilgan tartibda import shartnoma imzolash ishlari olib borilmokda.

“Yakkabog‘ tumanida joylashgan sobiq “Qurbonteks” MCHJ negizida kalava-ip ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi:

Mahalliy xom-ashyo paxta tolasini qayta ishlab, qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish, shuningdek mintaqada qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish maqsadida Yakkabog‘ tumanida joylashgan sobiq “Qurbon-teks” MCHJga tegishli bo‘lgan mavjud bino va inshoatlar negizida «Kalava-ip ishlab chiqarishni tashkil etish» loyihasi amalga oshirilmoqda.
«ƠZYENGSANLOYIHA» instituti tomonidan ishlab chiqilgan Texnik-iqtisodiy asoslanishiga binoan loyiha amalga oshirilishi natijasida yiliga 3000 tonna Nm 40/1 kalava-ip ishlab chiqarilib, 100ga yaqin yangi ish o‘rni ochilishi ko‘zda tutilgan. Ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotning 80 foizi eksportga yo‘naltirishi rejalashtirilgan. Buning evasiga ishlab chiqarishni barpo etishga sarflanishi kutilayotgan jami 8,5 mln. AQSH dollari miqdoridagi sarmoyalar (kapital quyilmalar) qisqa muddatlarda qoplash imkoniyati yuzaga keladi.
Ishlab chiqarishni barpo etish maqsadida zarur bo‘lgan texnologik dastgoxlarni yetkazib berish uchun dunyoning nufuzli tekstil uskunalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar orasidan Tender savdolari natijasida Shvesariyaning “Rieter Machine Works LTD” kompaniyasi tanlab olingan va 2014 yilning so‘ngida mazkur kompaniya bilan import shartnoma tuzilgan.
Loyihani o‘rnatilgan muddatlarda amalga oshirish uchun xorijiy hamkor kompaniyaning ishlab chiqarish filiali hisoblangan «Rieter Uzbekistan» XKsidan texnologik dastgoxlarni bir qismi xarid qilinib, qurilish maydonchasiga olib kelindi. Texnologik jarayonni to‘liq ta’minlaydigan asbob-uskunalarning qolgan asosiy qismi «Rieter Machine Works LTD» ishlab chiqarilmoqda va joriy yilning 2 choragida yetkazib beriladi.
Bino-inshoatlarni uskunalar o‘rnatilishiga tayyorlash hamda ishlab chiqarishni to‘liq uzluksiz siklini ro‘yobga chiqarish uchun qurilish maydonchasiga tutash xududdan zarur bo‘lgan qo‘shimcha 2,5 gektar yer maydoni ajratilishi ko‘zda tutilgan. Qurilish-montaj ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi soxaning yetakchi loyiha tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilayotgan loyiha-smeta xujjatlari asosida ta’minlanadi.

“Shurtan GKM Markaziy qozonxona qurilmasida yuqori bosimli zahira bug‘ qozoni qurish” loyihasi:

Sho‘rtan GKMning uzluksiz ishlashini ta’minlashda turli ko‘rinishdagi energiya manbalarining barqarorligi alohida ahamiyatga ega. Shu maqsadda amalga oshirilayotgan “Sho‘rtan GKM Markaziy qozonxona kurilmasida yuqori bosimli zahira bug‘ qozoni qurish” loyihasining dastlabki texnik yechimlari 2003 yilda shakllantirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 07.06.2007y.dagi №110-sonli “Investitsion loyihalar xujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va tasdiqlash bo‘yicha Nizom to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, Sho‘rtan GKM buyurtmasi bilan “Issiqlikelektrloyiha” OAJ tomonidan loyihaning Dastlabki Texnik Iqtisodiy Asoslashi ishlab chiqilib, o‘rnatilgan tartibda tasdiqlandi.
Mazkur O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlariga ko‘ra, umumiy kapital qo‘yilmalar hajmi 10 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Yillik ishlab chiqarish quvvati issiqlik energiyasi hisobida 100,74 ming Gkal.ga teng.
Shu turdagi qurilmalarni yetkazib beruvchi kompaniyalardan olingan birlamchi ma’lumotlar, mavjud texnik takliflar, hamda turdosh korxonalarning tajribalariga tayangan holda, qurilish uchun zarur bo‘lgan asosiy va qo‘shimcha asbob-uskunalar va jixozlarning batafsil texnik ko‘rsatkichlari ishlab chiqildi.
2015 yil davomida mazkur asosiy va qo‘shimcha asbob-uskunalar va jixozlarni xarid qilish maqsadida Tender savdolari o‘tkazildi va dunyoning salohiyatli kompaniyalari orasidan malakali ishlab chiqaruvchi tanlab olindi.
Hozirgi kunda Tenderda g‘olib chiqqan kompaniya bilan uskunalarni ishlab chiqarish, qurilish maydoniga yetkazish va qurib foydalanishga topshirish bo‘yicha import shartnoma imzolangan. Erishilgan kelishuvlarga binoan ushbu shartnoma bo‘yicha jixozlarning bir qismi joriy yilda majmuaga olib kelinadi.
O‘tkazilgan tender natijalariga ko‘ra, hozirgi kunda shakllantirilgan so‘nggi texnik yechimlar va extiyojlardan kelib chiqqan holda loyihaning yakuniy Texnik-iqtisodiy asoslashini ishlab chiqish maksadida tanlov asosida loyiha tashkiloti bilan loyiha xujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Joriy yilning I-II choragida mazkur loyihalash ishlari nihosiga yetkazilib, ishlab chiqilgan xujjatlar o‘rnatilgan tartibda vakolatli organlardan ekspertizadan o‘tkaziladi.

So‘nggi o‘zgartirish: 06.04.2016

Ishonch telefoni
(+998 75) 552-42-54
Sotish va marketing
(+998 75) 552-41-88
Devonxona
(+998 75) 552-41-58