Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida ishchilar uchun xavfsiz va sog‘lom ish muhiti yaratilmoqda

Mehnat muhofazasi – xodimning mehnat jarayonidagi xavfsizligi, sihat-salomatligi va ish qobiliyatining saqlanishiga qaratilgan tadbirlardir. Qonun hujjatlarida mehnat jarayonida qo‘llaniladigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnik, sanitariya-gigiyena, davolash-profilaktika chora-tadbirlari belgilab qo‘yilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev topshiriqlari bilan barcha ob’yektlarda sog‘liqni saqlash, sanoat xavfsizligi, mehnat muhofazasi va ekologik holati hamda ishlab chiqarishni texnik tartibga solish talablari doimiy ravishda monitoring qilib borilib, yuzaga kelgan kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etilmoqda.

Xususan, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi integratsiyalashgan boshqaruv tizimi menejmenti holatini tekshirish bo‘yicha jami 107 marotaba tekshiruvlar o‘tkazildi va o‘tkazilgan profilaktik tekshiruv nazorat ishlari davomida aniqlangan kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etilishiga erishildi.

Shuning bilan birga, majmua ishchi-xodimlarini mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha doimiy ravishda malakalari oshirib borilmoqda.

Jumladan, sanoat xavfsizligi bo‘yicha “Kontexnazorat” o‘quv markazida 11 nafar, mehnatni muhofaza qilish sohasi bo‘yicha Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazida 5 nafar, ko‘ngilli gazdan qutqarish guruhi a’zolarini o‘qitish bo‘yicha “Dorul kasb-hunar” NTMda 419 nafar, ISO 45001:2018 sog‘liqni saqlash va mehnat xavfsizligini ta’minlash xalqaro standarti bo‘yicha 3 nafar ishchi-xodimning malakalari oshirildi.

Bundan tashqari, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda, majmuada tashkil etilgan maqsadli o‘qitish dasturiga asosan, 4618 nafar xodimning malakasi oshirildi.

Majmuada amalga oshirilayotgan bu kabi ishlarning zamirida xodimlarning ishlab chiqarish ob’yektlarida to‘g‘ri va samarali, xavfsiz va sog‘lom ish muhitini yaratgan holda faoliyat olib borishlariga imkon yaratibgina qolmay, vujudga kelishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalarning oldini olishga ham erishiladi.

Bundan tashqari, majmuada ishchi-xodimlarning sog‘lig‘ini saqlash va salomatligini doimiy nazoratga olish maqsadida, doimiy ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib borilmoqda.

Tibbiy ko‘rikda aniqlangan shoshilinch ravishda davolanishi zarur bo‘lgan ishchi xodimlar tibbiy nazoratga olinib, sog‘lomlashtirish rejasiga kiritildi.

Aniqlangan shoshilinch va rejali statsionar davolanuvchi ishchi-xodimlar viloyat va respublika klinik shifoxonalarida qisman davolanib chiqdi. Respublika va viloyat miqyosidagi sanatoriyalarda dam olish va sog‘liklarini tiklash uchun yuborildi.

Bundan tashqari, majmuaning barcha sex va tarmoqlarida sanitariya nazorati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ishga kirish vaqtida, yillik reja asosida ishchi-xodimlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalari o‘qitib borilmoqda.

Pandemiya davrida koronavirusning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilib, malakali tibbiyot xodimlari jalb qilindi. Harorati baland ishchilar karantinga olinib, davolanishga yuborildi va zamonaviy tibbiy laboratoriya yordamida test diagnostikasi, dori-darmonlar zaxirasi shakllantirilib, Covid-19 infektsiyasini erta bosqichda aniqlash yo‘lga qo‘yildi.

Shuning bilan birga, gripp kasalligining oldini olish maqsadida, majmua ishchi-xodimlari grippga qarshi vaktsinatsiya qilindi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati va “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ hamkorligida tayyorlandi.

 

 

www.sgcc.uz