Har bir mamlakatning kuch-qudrati, salohiyatini ishlab chiqarish, iqtisodiyotning barqarorligidan tashqari yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rligi bilan o‘lchash ham mumkin. Ayniqsa, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bugungi kunda navqiron avlodni ezgu g‘oya hamda loyihalar atrofida birlashtirish, ularni umumbashariy qadriyatlarga hurmat, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash dolzarb vazifadir.

O‘zbekiston Respublikasining "Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida"gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 2017 yil 27 iyul kunidagi PQ-3151-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ tomonidan Respublikamizda faoliyat yuritayotgan Oliy ta’lim muassasalari (I.M.Gubkin nomidagi Rossiya Davlat neft va gaz Universiteti Toshkent filiali, Toshkent Davlat Texnika Universiteti, Toshkent kimyo texnologiya instituti, Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti) bilan imzolangan o‘zaro hamkorlik shartnomalariga ko‘ra oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilarning zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishishlari yuzasidan stajirovkalar, hamda talabalarning ishlab chiqarish amaliyotlarini yuqori saviyada o‘tashlari yuzasidan bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv dasturiga asosan sohaga tegishli mutaxassislik yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarga o‘quv yili davomida majmuaning yetakchi mutaxassislari tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, olib borilgan ishlar natijasiga ko‘ra mutaxassislik yo‘nalishlarining 4-bosqichida tahsil olayotgan bir qator iqtidorli talabalar tanlab olindi va “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MChJ tomonidan ta’sis etilgan stipendiyalar bilan rag‘batlantirib borildi.

Mazkur tanlov asosida Qarshi Davlat Universiteti hamda Qarshi muhandislik iqtisodiyot institutlarining bitiruvchilari orasidan 13 nafar iqtidorli bitiruvchilari saralab olinib, ular bilan uch tomonlama shartnomalar imzolandi va “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatani kengaytirish” loyihasi uchun istiqbolli kadrlar sifatida ishga qabul qilindi.

Ishga qabul qilish jarayonida "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Bosh direktori Sh.Aslanov tomonidan iqtidorli yoshlarga kelgusida bundanda katta mu­vaffaqiyatlar tilagan holda ularga bildirilayotgan ishonch va yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan unumli va samarali foydalanishlari lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ

 

 

www.sgcc.uz