Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibidagi korxona va tashkilotlar tomonidan joriy yilgi kuz mavsumida daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari davom etmoqda.
Xususan, "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ va "Uzbekistan GTL" MCHJ jamoalari tomonidan ham zavodlar hududi va atrofidagi maydonlarda yashil belbog‘ni kengaytirish maqsadida nihol ekish tadbirlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda.
Ushbu tadbirlar doirasida 2023 yil kuz mavsumida manzarali, mevali daraxtlar va buta ko‘chatlarini ekish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish to‘g‘risidagi “O‘zbekneftgaz” AJning 2023 yil 3 noyabrdagi 482-sonli buyrug‘iga asosan "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJga 171 000 dona, “Uzbekistan GTL” MCHJga 70 996 dona ko‘chat ekish rejasi belgilangan.
Bugungi kunga kelib "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ tomonidan 260 gektardan oshiqroq yer maydonida 169 300 tup (rejaga nisbatan 99% ), "Uzbekistan GTL" MCHJ tomonidan 50 gektardan oshiqroq yer maydonida 65 815 dona (rejaga nisbatan 92,7% ) mevali, manzarali daraxtlar va butasimon cho‘l o‘simliklari ekildi.
Daraxt navlarini tanlash Fanlar akademiyasi tavsiyalari hamda hududning tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda amalga oshirildi. Ko‘chat ekishda daraxtlarning qurg‘oqchilikka, kasallik va zararkunandalarga chidamli bo‘lgan gujum, pavloniya, bodom, behi, o‘rik, tut, yasen, mojjevelnik, tuya archa, klyon va boshqa turlari va saksovul kabi butasimon cho‘l o‘simliklari tanlab olingan.
Ekilgan daraxtlar agrotexnik talablar asosida muntazam parvarish qilinib, mineral va organik o‘g‘itlar bilan oziqlantirilib, zararkunandalardan himoya qilib boriladi. Bu daraxtlarning o‘sishi, rivojlanishi va kasallanmasligi uchun yaxshi sharoitlarni ta’minlaydi.
Shuningdek, butasimon cho‘l o‘simliklaridan tashqari ekilgan barcha nihollarni sug‘orishda, suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida tomchilatib sug‘orish tizimlaridan foydalaniladi.
Bundan tashqari, suv tanqis bo‘lgan hududlarga ekilgan har bir daraxt tagiga gidrogel qo‘yildi. (Gidrogel – granula shaklidagi maxsus modda bo‘lib, namlikni o‘ziga tortadi va saqlab turadi. Ko‘chat esa shu namlikdan suv ichadi. Gidrogel ekologik toza va xavfsiz mahsulot bo‘lib, o‘z vazifasini bajargandan so‘ng to‘liq parchalanib ketadi va atrof-muhitga zarar yetkazmaydi).
Darhaqiqat, butun mamlakatimiz bo‘ylab quloch yoygan bu kabi ezgu tashabbuslar atrof-muhitni yashillikka burkash hamda ekologiya musaffoligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati