“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev raisligida o‘tgan videoselektorda qazib chiqarish, qayta ishlash zavodlari, boshqarmalari, neftbazalarning rahbarlari hamda konlar va quduqlar boshliqlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilish avvalida tabiiy gaz qazib chiqarish masalasi tanqidiy muhokama qilindi.

Ushbu holat davom etadigan bo‘lsa, yil yakunida tabiiy gaz qazib chiqarilishi bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkich bajarilmay qolishi ehtimoli borligi va zudlik bilan buning oldini olish hamda qoloqlikka yo‘l qo‘ymaslik ta’kidlandi. 2020 yilning ortda qolgan davrida tabiiy gaz qazib chiqarish masalasida Gazli, Ustyurt, Vodiy neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari tomonidan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani keskin tanqid qilindi.

Ushbu boshqarmalarda tabiiy gaz qazib chiqarilishi borasida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rilishi belgilandi, shuningdek, Boshqaruv raisi o‘rinbosarlari, tegishli departament, “O‘zneftgazquduqta’mirlash”, “O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari”, “O‘zLITIneftgaz” rahbarlariga tegishli topshiriq va vazifalar belgilab berildi.

Bundan tashqari, 51 ta quduqda burg‘ilash ishlarini amalga oshirish, jihozlash va ularni ishga tushirish, 60 ta quduqlarda esa kapital va joriy ta’mirlash hamda intensifikatsiya ishlarini amalga oshirish kerakligi aytildi.

O‘z navbatida esa 11 ta texnologik ob'yektlarda rekonstruktsiya va modernizatsiya ishlarini yakunlab, ishga tushirish shart qilib belgilandi.

Boshqaruv raisi ushbu selektor davomida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi va 2020 yil uchun belgilangan ko‘rsatkichlarni ortig‘i bilan bajarish uchun harakat qilish lozimligini, ammo barcha boshqarmalarda natijalar maqtovga arzigulik emasligini tanqid ostiga oldi.

Shu sababli, noyabr hamda dekabr oylarida belgilangan rejani maksimal daraja bajarish, “Uchqir” majmuasida propan-butan aralashmasini olish qurilmasini qurish loyihasini joriy yilning noyabr oyida ochilish marosimini tashkillashtirish hamda qurilmalarni qisqa muddatda to‘la quvvatda ishlashini ta’minlash kerakligi belgilandi.

Yig‘ilishda Jamiyat korxonalarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati ham tahlil qilindi va uglevodorod xomashyosini qazib chiqaruvchi, tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilarning sof foydasi 6 oylik ko‘rsatkichlariga nisbatan oshganligini, ayrim neft bazalari bo‘yicha ham holat yaxshilangani qayd etildi.

Muhokamalar jarayonida iste’molchilarni neft mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, “UNG Petro” korxonasiga qarashli yana 7 ta AYoQShlarning xizmat ko‘rsatish va dizayn holatini o‘zgartirish vazifasi qo‘yildi.

Boshqaruv raisi videoselektorda avtomatlashtirish hamda raqamlashtirish borasida amalda bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalarni o‘z muddatida yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berib, Kuchlik neft bazasida avtomatlashtirish ishlari joriy yilning 1 dekabriga qadar yakunlanishini, 2021 yilda esa qolgan neft bazalaridagi mavjud vertikal va gorizontal sig‘imlarga sath-o‘lchagichlarini o‘rnatish, nazorat qilish va kuzatish uchun avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish rejalashtirilishini qo‘shimcha qildi.

Boshqaruv raisi ijro intizomi masalalariga to‘xtalar ekan, yig‘ilish bayonlari qabul qilinganiga qaramay, ayrim mas’ul rahbarlar bunga beparvolik bilan yondashganini, topshiriqlar mukammal bajarilmaganini ta’kidlab, belgilangan vazifalarga sovuqqonlik bilan yondashgan rahbarlarga ogohlantirish e’lon qildi.

Bundan tashqari, ushbu holatlar yana takrorlangan, ijro intizomiga rioya qilinmagan taqdirda, keskin intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi aytildi.

Videoselektor yakunida Axborot texnologiyalar departamenti oldiga “Raqamli O‘zbekiston – 2030 strategiyasi” doirasida “O‘zbekneftgaz” tizimida markazlashtirilgan dispetcherlik xizmati, “Raqamli kon” dasturi, “Raqamli burg‘ilash” tizimi, SAP ERP korporativ axborot tizimi, “GPS monitoring” tizimi joriy etish chora-tadbirlarini belgilangan muddatlarda bajarish vazifasi qo‘yildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz