O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-309 sonli “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalar doirasida "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ markaziy laboratoriyasida Toshkent kimyo-texnologiya institutning professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari uchun amaliyot o‘tash dasturi tashkil etilgan.
Dasturga muvofiq joriy yilning fevral oyi davomida institutning 2 nafar tayanch doktoranti, majmua markaziy laboratoriyasida amalga oshirilayotgan uglevodorodlar va polietilen granulalarini tahlil va sinovlarini kuzatish maqsadida majmuada bo‘lishdi.

Xususan, ilmiy xodimlar turli xil markadagi polietilen granulalarining harorat bilan o‘zaro bog‘liqlik xususiyatlarini, differensial skanerlovchi kolorimetr yordamida aniqlanadigan, oksidlanishga chidamlilik vaqti (OIT-Oxidation Induction Times) ko‘rsatkichi va Vika usulida polimerlarni yumshash haroratini aniqlash sinovlarini mukammal o‘rganishdi. 
Ilmiy xodimlar amaliyot yakunida o‘zlarining doktorlik dissertatsiyalari uchun, qimmatli eksperimental ma’lumotlarni to‘plaganliklarini ta’kidlashdi.

Ma’lumot uchun, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi markaziy laboratoriyasi, o‘rnatilgan jihozlar bazasi va o‘tkaziladigan tahlil hamda sinovlarni turlari bo‘yicha respublikamizda yetakchi salohiyatdagi laboratoriyalardan biri hisoblanadi.


«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|