Shurtan gaz kimyo majmuasi faoliyatida ishlab chiqarilayotgan tayyor va yarim tayyor mahsulotlarni har xil turdagi (fiting platforma, vagon sisterna, yopiq turdagi) vagonlarga yuklash muhim jarayonlardan biridir. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarni o‘z vaqtida mijozlarga sifatli holatda yetkazib berish, shuningdek majmuaga temir yo‘l orqali yuborilgan tovarlarni keltirilishida Temir yo‘l transporti bilan ta’minlash xizmatining o‘rni beqiyosdir.
Temir yo‘l transporti bilan ta’minlash xizmati tarkibiy tuzilishiga ko‘ra:
- Tashishni tashkil etish xo‘jaligi;
- Lokomotiv xo‘jaligi;
- Signallashtirish, markazlashtirish va blokirovka xo‘jaligi;
- Vagon xo‘jaligi;
- Yo‘l xo‘jaliklariga bo‘linadi.
Shuningdek, temir yo‘l transportida signallashtirish, markazlashtirish hamda blokirovka xo‘jaligining avtomatika va telemexanika qurilmalari harakat tarkibi xavfsizligini hamda uzluksizligini ta’minlovchi asosiy qurilmalardan va tizimlardan biri hisoblanadi.
Lokomotiv va vagonlarning boshqaruvi, ularning qaysi temir yo‘l uchastkasini yoki seksiyasini band qilib turganligiga mos holatda svetofor va strelkalarning masofaviy boshqaruvi, vagonlar jamlanmasining qanday holatda turganligini nazorat qiluvchi, qurilmalarning soz yoki nosoz ekanligini aniqlovchi va bir qancha boshqa funksiyalarni qamrab olgan tizim – elektr markazlashtirish (EM) tizimidir.
Joriy yilning 8 avgust kuni Temir yo‘l transporti bilan ta’minlash xizmati va “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UKga qarashli Qarshi aloqa va ishorat muassasasi mutaxassislari hamkorlikda xizmatga qarashli elektr markazlashtirish binosida yillik reja grafik asosida rele qurilmalarini xizmat muddatini uzaytirish maqsadida 54 dona rele qurilmalarida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Elektr markazlashtirish tizimlarida eng ko‘p uchraydigan qurilmalar rele bo‘lib, ular yordamida poyezdlar harakatini avtomatik boshqarish, tartibga solish va boshqarish jarayonlari amalga oshiriladi hamda poyezdlar harakati xavfsizligi ta’minlanadi. Har qanday releni, ayniqsa temir yo‘l avtomatikasi relesini eng muhim ko‘rsatkichi bu uning ishonchliligi hisoblanadi. Amalga oshirilgan ta’mirlash ishlari esa ushbu ishonchlilikni ta’minlashga xizmat qiladi.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati