“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Tayyor mahsulotlar va xom ashyo sexidagi Suyuq ishqor tayyorlash qurilmasini majmua ichki imkoniyatlaridan foydalangan holda, ishlab chiqarish quvvatini oshirish maqsadida modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.
Majmuada o‘rnatilgan Suyuq ishqor tayyorlash qurilmasi “UzNIPI neftegaz” kompaniyasi tomonidan 2000 yilda loyihalangan bo‘lib, “Muborakneftgazmontaj” AJ tomonidan 2001 yilda qurilgan va shu yili ishga tushirilgan. Unda, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun xarid qilingan kaustik soda kimyoviy reagentidan suyuq ishqor tayyorlanadi va Etilen ishlab chiqarish sexining piroliz gazini siqib haydash, ishqor bilan tozalash, ishlatilgan ishqorni oksidlash va neytrallash qurilmasida pirogaz tarkibidagi nordon gazlardan tozalash maqsadida foydalaniladi.

Suyuq ishqor tayyorlash qurilmasi E-1(1m3) suyuq ishqor tayyorlash idishi, E-2(3m3) saqlash idishi va E-3(3m3) bug‘ kondensat sovitish idishlaridan iborat. Qurilmada kun davomida ikki tonna suyuq ishqor tayyorlanadi.

Yuqorida keltirilgan qurilma orqali ishlab chiqarilgan eritma hozirgi kunga qadar faqat majmua ehtiyoji uchun ishlatilib kelingan bo‘lsa, endilikda "Uzbekistan GTL" MCHJ ni ham suyuq ishqor eritmasi bilan qisman ta’minlash imkoniyatlarini yaratish maqsadida ushbu qurilmani yangilash va ishlab chiqarish quvvatini oshirishga ehtiyoj sezildi. Shu sababdan ushbu qurilmani jadal modernizatsiya qilish orqali, qurilmadagi ma’nan eskirgan uskunalarni yangi zamonaviy uskunalarga almashtirish ishlari boshlandi.
Buning uchun joriy yilning 17 yanvar kunida bo‘lib o‘tgan “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ ilmiy texnik kengashi yig‘ilishida suyuq ishqor tayyorlash qurilmasini ichki imkoniyatlardan foydalangan holda, ishlab chiqarish quvvatini oshirish va qayta jihozlash chora-tadbirlari ishlab chiqildi. Majmua konstruktorlik guruhi bilan loyiha hujjatlari amalga oshirildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad majmuada mavjud suyuq ishqor tayyorlash qurilmasini ichki imkoniyatlardan kelib chiqib qisqa muddatda modernizatsiya qilish orqali qurilma quvvatini oshirishdir.

Ayni damda qurilmaning kuzatuvchilar xonasini ta’mirlash va qayta qurish ishlari jadal olib borilmoqda. Ishqor tayyorlashga va saqlashga mo‘ljallangan idishlar mexanik ta’mirlash sexiga olib kelinib qayta jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, qabul qilingan loyiha hujjatlariga asosan kerakli jihozlarga buyurtmalar berilgan va ish ko‘lamiga qarab ularni olib kelish ishlari davom etmoqda.

«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|