«Surhan Gas Chemical Operating Company»ning yosh mutaxassislari "SHGKM"da malaka oshirishmoqda

O‘zbekiston Respublikasini 2017 – 2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish mamlakat rivojlanishining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘zda tutilgan. Bu borada har bir sohada bo‘lgani kabi neft va gaz sanoatini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va uni chuqur qayta ishlash, eksportga yo‘naltirish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, ushbu maqsadlarda xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish borasida jadal islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur jarayonlarini amalga oshirishda malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj va talab yuqoridir. Shu munosabat bilan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida ham yillar davomida salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan korxonaning malakali mutaxassislari tomonidan yurtimizda faoliyat olib borayotgan “LUKOYL” Qandim gazni qayta ishlovchi zavodi, Uz-Kor Gas Chemical, "Uzbekistan GTL" zavodlari uchun malakali kadrlar tayyorlash bilan bir qatorda, soha bo‘yicha MDH davlatlarida joylashgan bir qator korxonalardan tashrif buyurgan ishchi-xodimlarga tegishli ko‘nikma hosil qilish va malaka oshirishlari uchun yaqindan yordam berib kelinmoqda.

Barchamizga ma’lumki, Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida «Mustaqillikning 25 yilligi» gaz konlari negizida qurilayotgan «Surhan Gas Chemical Operating Company»ning ivestitsion loyihasi amalga oshirilmoqda.

Bu borada ham mazkur loyihani amalga oshirish uchun Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida «Surhan Gas Chemical Operating Company»ning bir guruh xodimlari malaka oshirishmoqda.

Majmuaning o‘quv markazi tomonidan ishlab chiqilgan "O‘quv dasturi"ga asosan mazkur xodimlarning nazariy hamda amaliy ko‘nikma va mahoratlarini oshirishlari uchun korxonaning malakali mutaxassislari tomonidan o‘quv-amaliy darslari olib borilmoqda.

Shuningdek, «Surhan Gas Chemical Operating Company»ning xodimlari bilan bir qatorda, yurtimizdagi bir qator Oliy ta’lim muassasalari bilan majmua o‘rtasida tuzilgan o‘zaro anglashuv Memorandumi asosida korxonada o‘zlarining diplom oldi amaliyotini o‘tash uchun kelishgan bitiruchi talabalarga ham korxonaning malakali mutaxassislari tomonidan o‘quv-amaliy darslari olib borilmoqda.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz