Shoʼrtan gaz kimyo majmuasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʼzbekiston liberal-demokratik partiyasining Qashqadaryo viloyati hamda Gʼuzor tuman kengashlari tomonidan partiyaning X syezdida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash masalalariga bagʼishlangan tadbir oʼtkazildi.

Partiyaning viloyat va tuman Kengashi aʼzolari hamda partiya faollari ishtirok etgan tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda huquqiy-demokratik jamiyat barpo etish, yurt taraqqiyotini yanada yuqori darajaga koʼtarish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha jabhalarida keng koʼlamli islohotlar amalga oshirilayotganligi taʼkidlandi.
Partiyaning viloyat Kengashi raisi oʼrinbosari - apparat rahbari Orziqul Sherov partiyadan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoevning saylovoldi dasturidagi 10 ta ustuvor yoʼnalish boʼyicha belgilangan vazifalarga alohida toʼxtaldi.

Shuningdek, tadbirda Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʼzbekiston strategiyasi” kitobi taqdimoti oʼtkazildi.

"Ushbu kitobda Yangi Oʼzbekistonni, shuningdek, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan tub oʼzgarishlar, olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va maqsadi hamda ustuvor yoʼnalishlari, milliy taraqqiyot istiqbollari haqida fikr yuritilgani bilan ahamiyatlidir", — deydi OzLiDeP viloyat kengashi raisi oʼrinbosari O.Sherov.
Kitob oʼquvchida yangi Oʼzbekistonning zamonaviy, demokratik qiyofasi qanday yaratilayotgani, mamlakatni yangi rivojlanish bosqichiga koʼtarish uchun belgilab olingan strategik yoʼl toʼgʼrisida yaxlit tasavvur uygʼotadi. Shu bilan birga, har bir fuqaroni yangi, ilgʼor gʼoyalar, ezgu tashabbuslar bilan ishlashga undaydi.

"Shoʼrtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ
Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz