Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida ishlab chiqarish jarayonlarini barqarorligini ta’minlash, texnologik qurilmalarning ekspluatatsiya jarayonlaridagi shayligini oshirish maqsadida joriy yilning may oyidan boshlab tabiiy gaz qabul qilish jarayoni to‘xtatilib reja asosida ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi.
Joriy ta’mirlash jarayonida korxonaning ishlab chiqarish texnologik jarayonlaridagi qurilmalarda bug‘latish va quritish, tozalash va tekshirish kabi ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, har bir asosiy qurilmalarning o‘zida korxonaning malakali mutaxassislari hamda chet ellik mutaxassislar ishtirokida individual ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Majmuaning etilen ishlab chiqarish tsexida joylashgan pirogaz bosimini oshirish hamda etilen xladagentini sovitish uchun mo‘ljallangan kompressor va turbinalarning ta’mirlash ishlari Yaponiya davlatining "Mitsubishi" kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Gaz-turbinali kompressorining nazorat o‘lchov asboblari va avtomatlashtirish qismida olib borilayotgan ta’mirlash ishlariga "Siemens" kompaniyasining malakali mutaxassislari, shuningdek, piroliz pechining ta’mirlash ishlariga Birlashgan Arab Amirligining "Morgan Advanced Materials" kompaniyasi mutaxassislari jalb etilgan.
Shu qatorda, Polietilen ishlab chiqarish tsexida joylashgan issiqlik almashinish qurilmalari ochilib texnik havo yordamida tozalash ishlari, tsex hududidagi mavjud kalonnalar, havo bilan sovitish va shu kabi bir qator qurilmalarda yuvish tozalash hamda ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Ma’lum qilganimizdek, rejali joriy ta’mirlash ishlari ishlab chiqarish jarayonlarida kelgusida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan kutilmagan uzilishlarning oldini olish hamda texnologik qurilma va uskunalarning uzoq muddat sifatli va samarali ishlashini ta’minlash uchun xizmat qiladi.
"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Matbuot xizmati