Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni 2005-yildan boshlab birja savdolari orqali sotish yo‘lga qo‘yilgan.

Majmuada Mahsulotlarni sotish va marketing xizmati tomonidan joriy yilning birgina yanvar-iyun oylarida birja savdolari orqali tashqi va ichki bozorga jami 60,4 ming tonna polietilen, 6,97 ming tonna suyultirilgan gaz, 967 tonna oltingugurt, 204,7 ming p.m. polietilen quvurlar, 32 ming p.m. tomchilatib sug‘orish tizimi shlanglari kabi mahsulotlar sotildi. 

Mahsulotlarni sotish va marketing xizmati korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni nafaqat birja savdolari orqali sotish bilan shug‘ullanadi, balki korxonaning marketing tadqiqotlarini olib borish, mahsulotlarga bo‘lgan talablarini qondirish uchun qisqa, o‘rta va uzoq muddatli marketing va ishlab chiqarish strategiyasini ishlab chiqish, shuningdek, mahsulotlarni reklamasini amalga oshirish, tayyor mahsulotni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tayyorlash va tuzish, mahsulotlarni yetkazib berish rejalarini o‘z vaqtida va shartnomalarga muvofiq nomenklatura bo‘yicha bajarilishini ham ta’minlaydi.

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida ishlab chiqariladigan tayyor mahsulotlarni ochiq birja savdolari orqali sotishning asosiy afzalliklari bozorning yuqori darajada likvidligi, savdo operatsiyalarining tezkorligi, xarajatlarni oshirmasdan savdo hajmini ko‘paytirish hamda savdolarda ko‘plab xaridorlar va sotuvchilarning ishtiroki hisobiga shakllangan kuchli raqobat asosida tovarning optimal bozor bahosini aniqlash imkoniyati mavjudligi, shuningdek, hisob-kitob kliring palatasi orqali bitimlar ijrosini kafolatlash mexanizmi yo‘lga qo‘yilganligidadir.

Ta’kidlab o‘tish joizki, majmuada ishlab chiqariladigan mahsulotlarni realizatsiya qilishda bozor mexanizmlarini va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida ochiq birja savdolariga qo‘yish har tomonlama maqsadga muvofiqdir.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz