“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig‘iga asosan, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi va “Uzbekneftegaz GTL” zavodini tashqi elektr ta’minoti bilan ta’minlash uchun “GTL 220/35/10 kV” podstantsiyasining qurilish va montaj ishlari uzluksiz davom ettirildi.

Koronavirus pandemiyasi bo‘lishiga qaramay, “O‘zbekneftgaz” AJ “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish loyihasi” uzluksiz davom ettirildi va Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining mutaxassislari va ishchi-xodimlari tomonidan belgilangan muddatda qurib bitkazildi.

Ushbu yirik loyihaning tantanali ochilish marosimida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi va “Ishchi guruh” a’zolari ishtirok etishdi.

Boshqaruv raisi ushbu loyihaning qisqa fursatda tugallanib ishga topshirilishida faollik ko‘rsatgan barchaga minnatdorchilik bildirib, ularning mehnatlarini e’tirof etdi.

– Hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan yirik investitsion loyihalardan bo‘lgan “Uzbekneftegaz GTL” zavodi hamda “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish loyihasi”ni barqaror va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashga mo‘ljallangan podstantsiyada qurilish-montaj ishlari 100% ga bajarilib, ishga tushirish va ochilish arafasida turganligimdan juda mamnunman, – dedi Mehriddin Abdullaev

Ochilish marosimi yakunida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi tomonidan mazkur loyihani amalga oshirilishiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shgan bir guruh ishchi-xodimlarning mehnatlari qadrlanib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash kerakki, mazkur “GTL-220/35/10 kV” podstantsiyasining umumiy qiymati 81 mlrd so‘mni tashkil etib, loyihalash ishlari “Sredneazenergosetproekt” instituti tomonidan amalga oshirildi.

Uskuna va elektr jihozlar esa “O‘zelektroapparat”, “Power elektro group”, Xitoy davlatining “Xuosun” kompaniyalari tomonidan yetkazib berildi.

Qurilish-montaj ishlari to‘liq “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ tomonidan amalga oshirildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz