Joriy yilning 6 iyul kuni Shoʼrtan gaz kimyo majmuasi hamda Qozogʼiston Respublikasining yirik kompaniyalaridan biri boʼlgan “Samruk-Kazyna” АJ oʼrtasida kompaniya tasarrufidagi korxonalar ehtiyoji uchun malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida shartnoma imzolandi va ushbu shartnoma asosida Shoʼrtan gaz kimyo majmuasining Xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish oʼquv markazi tomonidan ishlab chiqarishni tashkil etish va amalga oshirish boʼyicha oʼqitish ishlarini tashkil etish uchun oʼquv-amaliy dastur ishlab chiqildi.
Mazkur shartnoma asosida “Samruk-Kazyna” АJ tasarrufidagi “KLPE” (KeyElPii) masʼuliyati cheklangan sheriklik kompaniyasining mutaxassislari Shoʼrtan gaz kimyo majmuasiga kelishdi va Xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish oʼquv markazi tomonidan ishlab chiqilgan dastur boʼyicha majmuaning ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishib oʼz kasbiy mahorat va koʼnikmalarini oshirishmoqda.
Ishlab chiqilgan "Oʼquv dasturi"ga asosan "KLPE" TOO (masʼuliyati cheklangan sheriklik) kompaniyasi xodimlarini nazariy hamda amaliy koʼnikma va mahoratlarini oshirishlari uchun korxonaning malakali mutaxassislari tomonidan oʼquv-amaliy darslari olib borilmoqda.
Taʼkidlab oʼtish joizki, Shoʼrtan gaz kimyo majmuasida koʼp yillik tajribaga ega boʼlgan korxonaning malakali mutaxassislari tomonidan yurtimizda faoliyat olib borayotgan “LUKOIL” Qandim gazni qayta ishlash zavodi, Uz-Kor Gas Chemical, "Uzbekistan GTL" zavodlari uchun malakali kadrlar tayyorlash bilan bir qatorda, soha boʼyicha yuqoridagi singari MDH davlatlarida joylashgan bir qator korxonalardan tashrif buyurgan ishchi-xodimlarga tegishli koʼnikma hosil qilish va malaka oshirishlari uchun yaqindan yordam berib kelinmoqda.
"Shoʼrtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati