Joriy yilning 3-iyul kuni "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda Polietilen ishlab chiqarish sexining Reaksiya qurilmasidagi siklogeksan kimyoviy reagentini tozalash apparatida, silikagel va alyuminiy oksidi kimyoviy reagentlarini almashtirish ishlari olib borildi.
Majmuada ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan yillik chora-tadbirlari rejasiga asosan ushbu reaksiya qurilmasidagi siklogeksan kimyoviy reagentini tozalash apparatida, silikagel va alyuminiy oksidi kimyoviy reagentlari bir yilda ikki marta ya’ni har olti oyda bir marta almashtirilishi belgilangan bo‘lib, joriy yilning fevral oyida dastlabki bor almashtirish ishlari amalga oshirilgan edi.
Siklogeksan kimyoviy reagentini tozalash apparatining vazifasi "Sсlairtech" texnologiyasi asosida siklogeksan reagentining tarkibidagi keton va namliklarni tutib qolishdan iboratdir. Buning uchun Silikagel, Alyuminiy oksidi va kichik o‘lchamlardagi keramik sharlar ketma-ket qatlamlar holatida apparatga yuklanadi. Agarda keton va namliklar texnologik jarayonda ushlab qolinmasa, bu holat polietilen ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etadigan qimmatbaho katalizatorlarning me’yoriy sarflarini oshishiga olib kelib, ishlab chiqarish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ushbu apparat uchun kimyoviy reagentlar bugungi kungacha turli chet davlatlardan olib kelinadi. Xususan, Siklogeksan kimyoviy reagenti Rossiya davlatidan olib kelinsa Alyuminiy oksidi kimyoviy reagenti Kanada davlatidan keltiriladi. Ushbu kimyoviy reagentlarni yetkazib keltirish odatda juda qiyin va uzoq muddat talab etadi. Oxirgi yillarda majmuada olib borilayotgan mahalliylashtirish dasturiga asosan kimyoviy reagentlarning ma’lum bir qismi, xususan 6 mm, 12 va 20 mm o‘lchamdagi keramik sharlar Toshkent shahrida joylashgan Quyosh fizikasi ilmiy tekshirish instituti tomonidan yetkazib berilmoqda.
Ma’lumot uchun, Polietilen ishlab chiqarish sexida joylashgan reaksiya qurilmasining siklogeksan kimyoviy reagentini tozalash apparati 1999-yilda Yaponiyaning yirik "TOYO Enjinering" kompaniyasi tomonidan loyihalangan va ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2000-yilda majmuaga olib keltirilgan va o‘rnatilgan.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati