So‘ngi yillarda yurtimizda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora tadbirlar, keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda ham ishchi-xodimlarning bo‘sh vaqtlarini ko‘ngilli va mazmunli o‘tkazish, iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularga o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqarish uchun sharoit yaratish maqsadida an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Quvnoqlar va Zukkolar” ko‘rik-tanlovining 2023-yilgi mavsumiga start berildi va joriy yilning 12-aprel kuni saralash bosqichi A-guruh bellashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Ishtirok etgan jamoalar ko‘rik-tanlov Nizomiga muvofiq to‘rtta shart bo‘yicha o‘zaro bellashishdi va shart mezonlari asosida hakamlar hay’ati tomonidan baholanib borildi.

Bellashuvda majmua tasarrufidagi "Qarshitermoplast" sexining "DINAMIT", Maishiy xo‘jalik xizmatining “AXO MIKS”, Umumiy ovqatlanish sexi va Uy-joydan foydalanish xizmatining birlashgan “ARALASH-QURALASH” jamoalari ishtirok etishdi.

Umumiy 4 ta shart yuzasidan jamoalar o‘zlarining qiziqarli va mazmunga boy  chiqishlari bilan ishtirok etib, o‘z bilim, mahorat, ijodiy salohiyatlarini belgilangan talab me’yorlariga rioya etgani holda ko‘rsatib berdilar.

Shartlar yakuniga ko‘ra "Qarshitermoplast" sexining "DINAMIT" jamoasi A-guruh bellashuvida eng yuqori ochko to‘plab g‘oliblikni qo‘lga kiritgani holda keyingi bosqichga yo‘l oldi. Umumiy ovqatlanish sexi va Uy-joydan foydalanish xizmatining birlashgan “ARALASH-QURALASH” jamoasi ikkinchi, Maishiy xo‘jalik xizmatining “AXO MIKS” jamoasi uchinchi o‘ringa egalik qildilar.


Tanlov yakunida ishtirok etgan jamoa a’zolariga majmua ma’muriyati hamda Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, bellashuvning eng faol o‘yinchisi sifatida Uy-joydan foydalanish xizmati xodimasi Jumayeva Oytosh Pardayevna e’tirof etilib, majmua Bosh direktori tomonidan esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi.


Ma’lumot uchun, saralash bahslarining keyingi bellashuvi Nazorat o‘lchov asboblari va avtomatlashtirish sexi va Metrologiya xizmatining birlashgan "AFANDINING JIYANLARI", Zavod markaziy laboratoriyasining "ULFATLAR", Majmua xotin-qizlaridan tashkil topgan "BESH PARI" jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati