"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisining topshirig‘iga asosan, tabiiy gaz qazib olish hajmini oshirish uchun konlar va quduqlarda ishlayotgan ishchi-xodimlar vaxta rejimida faoliyat yuritishmoqda.

Karantin qoidalari asosida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar uchun oziq-ovqat, maxsus kiyim, maxsus avtotransport vositalari bilan ta’minlanganlar.

"O‘zbekneftgaz" AJga qarashli Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumani hududida joylashgan "Sho‘rtan" konida ham ish vaxta rejimida tashkil etilgan.

2020 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, kondagi 160 ta quduqdan tabiiy gaz qazib olinmoqda. 3 ta quduqda esa burg‘ilash ishlari davom ettirilmoqda. 1 ta quduqda esa mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Hozirga qadar, ushbu kondan 3,2 mlrd. kub metr tabiiy gaz va 76 ming tonna gaz kondensati qazib olindi. 6 ta quduq qisqa vaqtda burg‘ilanib ishga topshirildi, natijada esa qo‘shimcha 28,1 mln. kub metr tabiiy gaz va 0,8 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarishga erishildi.

Kondagi 2 ta quduqda mukammal ta’mirlash ishlari va 34 ta quduqda intensifikatsiya ishlari bajarilishi natijasida esa, qo‘shimcha 22,2 mln. kub metr tabiiy gaz va 0,36 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarishga erishildi.

"Raqamli kon" loyihasi doirasida Gazni dastlabki tayyorlash qurilmasining 2-navbatida kondan qazib olinayotgan gaz miqdorini aniqlash maqsadida 9 ta komplekt "Autopilot Pro" rusumli gaz sarfi o‘lchash komplekslari o‘rnatildi.

"Sho‘rtan" konida Gazni dastlabki tayyorlash qurilmasi 1-navbatida olib borilgan modernizatsiya ishlari uchun zarur bo‘lgan texnologik apparatlar, quvurlar hamda boshqa asbob-uskunalar to‘liq "O‘zbekneftgaz" AJ o‘z ichki imkoniyatidan foydalangan holda ,jamiyat tizimidagi boshqarma va zavodlar ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib butlash hisobidan amalga oshirildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida, "Sho‘rtan" konidagi quduqlardan qazib olinayotgan tabiiy gaz tarkibidan mexanik birikmalar, kondensat va texnik suyuqlikni ajratib olish hamda tabiiy gaz quvurlaridagi gidravlik qarshilik va bosimlar farqini kamaytirish hisobiga qo‘shimcha kunlik 200,0 ming kub m tabiiy gaz qazib olishni ko‘paytirishga erishildi.

2020 yilda "Sho‘rtan" konidan 6,33 mlrd. kub metr tabiiy gaz va 151,6 ming tonna gaz kondensati qazib olish rejalashtirilgan. Ikkinchi yarim yillikda 4 ta quduq burg‘ilanib ishga topshirilishi mo‘ljallanmoqda va bu quduqlardan qo‘shimcha 35,1 mln. kub metr tabiiy gaz va 0,7 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarish kutilmoqda.

4 ta quduq mukammal taьmirlanishi va 48 ta quduqda intensifikatsiya ishlari bajarilishi kutilmoqda, natijada quduqlardan qo‘shimcha 43,63 mln. kub metr tabiiy gaz va 0,3 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarish kutilmoqda.


“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz