Muborak gazni qayta ishlash zavodida 2020 yil 28 avgust kuni yiliga 38,4 ming tonna suyultirilgan gazni ishlab chiqarish imkonini beruvchi Propan-butan aralashmasini olish qurilmasining (PBAOQ) 4-chi tarmog‘i ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimiz Energetika vaziri Alisher Sultonov voqea ishtirokchilariga qutlov so‘zlari bilan murojaat qilar ekan, shunday dedi: “Bugun biz qurilishi bundan 3 yil avval boshlangan va pandemiya tufayli yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramay, jadal davom ettirilgan yangi obyektni foydalanishga topshiryapmiz. Shu sababli bugungi voqea — bu faqat yangi korxonaning ochilishigina emas, balki qo‘yilgan maqsadga erishish yo‘lida turli to‘siqlarni yengib o‘tish namunasidir!”
Shuningdek, “neftgaz sohasida yangi sanoat obyektlarining ishga tushirilishi, nafaqat yuqori samaradorlikka, ayni paytda energiyani tejash, atrof-muhitga minimal ta’sirni ta’minlashga yo‘naltirilgan yangi texnologiyalar demakdir”, - dedi A.Sultonov.
PBAOQ 4-chi tarmog‘i ishga tushirilishi bu Muborak gazni qayta ishlash zavodida siqilgan tabiiy gazni ishlab chiqarilishini ko‘paytirishga yordam beradi. Ushbu imkoniyatlar respublikamizning sanoat korxonalari va turar-joy kommunal xo‘jaligi korxonalarining ushbu mahsulotga bo‘lgan o‘sib borayotgan talabini qondirishga xizmat qiladi.
Yangi propan-butan aralashmasini olish qurilmasi yiliga 3 mlrd.kub.m.gazni qayta ishlash va 38 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gazni olish imkoniyatini beradi. Uning ishga tushirilishi natijasida ayni paytda qariyib 70 nafar xodim ish bilan ta’minlanadi.
Qo‘shimcha tarzda shuni aytish mumkinki, Muborak GQZ da Yangi propan-butan aralashmasini olish qurilmasini qurish bo‘yicha loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 26 yanvardagi PQ-2745-sonli va 2018 yil 19 iyuldagi 3874-sonli qarorlariga muofiq amalga oshirilgan.
Qiymati 58,25 mln. dollarga teng ushbu proektorni moliyalash “O‘zbekneftgaz” AJning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilib, uning qoplanish muddati 6 yilni (2021-2026 yy.) tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmatidan