Har bir sohaning rivoji va uning kelgusidagi istiqboli, jarayonga jalb etilgan ishchi kuchi salohiyati, texnika-texnologiyalarning imkoniyati va ulardan to‘g‘ri foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bog‘liqdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 sentyabrdagi “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4388-sonli qarori va “O‘zbekneftgaz” AJning 2020 yil 16 oktabrdagi 72-sonli boshqaruv qarori asosida "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda tashkil qilingan Ishonchlilikni boshqarish xizmatini tashkil etilishi ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlardan biridir.

Bu borada Ishonchlilikni boshqarish xizmati tomonidan majmuadagi qurilma va uskunalarni uzluksiz ishlatish va operatsion samaradorlikni oshirish maqsadidagi yangi loyiha amalga oshirilmoqda

Bunda, majmuananing asosiy ishlab chiqarish jarayonlarini texnik ishonchliligi va operatsion samaradorligini oshirish bo‘yicha mexanika, energetika va metrologiya yo‘nalishidagi barcha uskunalarni tahliliy o‘rganish, asosiy jihozlarni diagnostika qilish va ta’mirlash, istiqbolli reja grafigini ishlab chiqish, energiya resurslarni tejash va uskunalarni uzluksiz ishlashini ta’minlashga erishish choralari ko‘rilmoqda.

2022 yil davomida qurilmalarning rejali to‘xtab ta’mirlash ishlarini tashkil etish, noxush hodisalarning tub sababini aniqlash va ularning takrorlanishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha bir qator amaliy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Ishonchlilikni boshqarish xizmati mutaxassislari tomonidan majmuada mavjud bo‘lgan 792 ta jihozda RPN-tahlili olib borildi va ular muhimlik darajalari bo‘yicha sinflarga ajratib chiqildi.

Joriy qilinayotgan tizim doirasida amalga oshirilayotgan va iqtisodiy samaradorlikni baholashga qaratilgan ishlar ham Ishonchlilikni boshqarish xizmati mutaxassislari tomonidan olib borilmoqda. Xususan, ishlab chiqarish vaqtining samaradorlik indeksi, texnologik samaradorlik indeksi va ishlab chiqarishning energiya sig‘imi indekslari hisoblanishi yo‘lga qo‘yildi.

Bundan ko‘zlangan maqsad qurilmalarning uzluksiz ish jarayonini ta’minlash bilan bir qatorda ortiqcha sarf bo‘ladigan mablag‘larni tejab qolishdir.

Keyingi bosqichda ushbu indekslarni yanada yuqori ko‘rsatkichlarga ko‘tarish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq qilish rejalashtirilgan. Bu esa, o‘z navbatida, majmuaning iqtisodiy samaradorligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

 |web-sayt|telegram|YouTube|