"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Boshqaruv apparatida o‘tayotgan yilning 8 oylik yakuni bo‘yicha majmua faoliyati natijalari, ishlab chiqarish reja ko‘rsatkichlarining bajarilishi holati, soha obyektlarini kuzgi-qishki mavsumga tayyorlash, oktyabr oyida amalga oshiriladigan rejali ta’mirlash ishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda ishlab chiqarish jarayonlari barqarorligini doimiy ta’minlash borasidagi masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda 2024-yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan rejali ta’mirlash ishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ta’minot holati, mutaxassislarning ta’mirlash ishlariga shayligi, ta’mirlash ishlarini xavfsiz tashkil etishda ishchi-xizmatchilarning shaxsiy himoya vositalari va maxsus kiyim-boshlar bilan ta’minlanganlik holati muhokama etildi.
Jumladan, joriy yilgi ta’mirlash davrida majmuada oxirgi yillarda amalga oshirilgan rejali ta’mirlash ishlarida orttirilgan katta tajribaga asoslangan holda ta’mirlash ishlarini talofotlarsiz va sifatli amalga oshirish hamda ishlarni yuqori darajada tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, joriy yilning mart, aprel va may oylari davomida majmua ishchi-xodimlari to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligi, tibbiy ko‘rik jarayonlari natijalariga ko‘ra kasalliklar aniqlangan ishchi-xodimlarni davolash va sog‘lomlashtirish bo‘yicha ishlar olib borish zarurligi belgilab olindi.
Yig‘ilishda kelgysida amalga oshiriladigan ishlar kengaytirilgan tartibda muhokama etilib, Bosh direktor tomonidan barcha mas’ullarga berilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash borasida quyidagicha topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
- Rejali ta’mirlash ishlarini talofotlarsiz va sifatli o‘tkazishni ta’minlash maqsadida qisqa muddatda har bir texnologik uskuna va qurilmalarga javobgar mas’ul shaxslarni biriktirish;
- Rejali ta’mirlash ishlarining xarid jarayonlarini tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqish;
- Ta’mirlash jarayonida tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha barcha xavfsizlik choralarini ko‘rish hamda kuchaytirilgan nazorat o‘rnatish;
- Rejali ta’mirlash davrida chet davlatlardan hamda turdosh korxonalardan jalb qilinadigan mutaxassislar uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan yotoq joylar tayyorlash, shuningdek, zaruriy orgtexnika va kanselyariya vositalari bilan ta’minlash;
- Rejali ta’mirlash ishlariga mo‘ljallangan bir martalik maxsus kiyim-boshlar foydalanishga tayyor holatda bo‘lishini ta’minlash;
- Majmuada o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, xodimlarda aniqlangan kasalliklar bo‘yicha sog‘lomlashtirish ishlari reja-jadvalini ishlab chiqish hamda shoshilinch sog‘lomlashtirish lozim bo‘lgan xodimlar masalasida qisqa muddatda aniq takliflar ishlab chiqish va rahbariyatga taqdim etish;
- Majmua hududida ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish;
- Majmuada zaxira siklogeksan rezervuarini qurish va ishga tushirish bo‘yicha qisqa muddatda tarmoq jadvalini ishlab chiqish hamda ishlarni joriy yil dekabr oyigacha yakunlash;
- Ishlab chiqarishda hosil bo‘layotgan past bosimli regeneratsion gazdan elektr energiyasini ishlab chiqarish maqsadida gaz-porshenli generator qurish bo‘yicha taklif loyihasini qisqa muddatda rahbariyatga taqdim etish;
- Majmuada energosamardorlikni oshirish bo‘yicha belgilagan chora-tadbirlar ijrosiga qaratilgan korporativ xarid ishlarini jadallashtirish;
- "Majmua obyektlarini 2024-2025-yillar kuzgi-qishki mavsumga tayyorlash” chora-tadbirida belgilangan barcha ishlarni sentyabr oyi oxiriga qadar yakunlash;
Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev raisligida joriy yilning 20-iyun kuni muhandislik kadrlarini tayyorlash tizimidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida majmuada tashkil etilayotgan Ilg‘or muhandislik maktabi borasida quyidagicha topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
- Majmua hududida Ilg‘or muhandislik maktabi uchun ajratilgan binoning ta’mirlash va pardozlash ishlarini qisqa muddatda yakuniga yetkazish;
- Muhandislik oliy ta’lim muassasalaridan tanlov asosida shijoatli, iqtidorli va ilmli talabalarni imtihon va sinov asosida tanlab olish;
- Majmua faoliyati hamda ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha izlanishlarni hisobga olgan holda o‘quv uslubiy qo‘llanma ishlab chiqish;
- Hududiy muhandislik oliy ta’lim muassasalarida majmuaning muhandis-texnik xodimlari tomonidan ochiq kasbiy darslar o‘tilishini tashkil etish.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati