O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejavchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-57-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ da 2023-2024 yillar davomida energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha 41 banddan iborat chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, tadbirlar to‘liq bajarilganda 30.8 mln metr kub tabiiy gaz, 19.442 ming kVt elektr energiyasi hamda 425.6 ming metr kub texnik suv tejash rejalashtirilgan.

Ishlab chiqilgan chora-tadbirda belgilab olingan rejaga muvofiq joriy yilning fevral oyida "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ ma’muriy binosi tom qismiga quvvati 50 kVt bo‘lgan ON GRID sistemali quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatilgan edi.

Hozirgi kunda ushbu tadbirlar ijrosini ta’minlash maqsadida majmuada yanada keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, majmuaga qarashli "Qarshitermoplast" sexi binolarining tom qismida quvvati 600 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatish ishlari boshlab yuborilgan.

Shuningdek, majmuaga qarashli «Erkatoy -1, 2, 3, 4» maktabgacha ta’lim muassasalari obyektlarida ham umumiy quvvati 40 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilib, elektr montaj ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra shu yil oxiriga qadar majmua atrofidagi avtoturargoh uchun 1100 kVt, Ishchilar shaharchasi uchun 230 kVt, Tashqi suv ta’minoti sexiga qarashli Suv haydash inshooti uchun 50 kVt hamda A va B ustun nasos stansiyalari uchun 2 kVt, «Medservis» sog‘lomlashtirish markazi uchun 20 kVtli quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatish rejalashtirilgan.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yil oxirigacha umumiy quvvati 2.04 MVt quyosh elektr stansiyasi o‘rnatib, yillik 4430.268 ming kVt elektr energiyasini tejashdir.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|