“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda mahalliylashtirish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish borasida so‘nggi yillarda bir qator samarali ishlar olib borilayotgan bo‘lib, jumladan 2021 yilning iyun oyida majmuada Mahalliylashtirish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘yicha alohida bo‘lim tashkil etildi. Ushbu bo‘lim faoliyatining asosiy maqsadi majmua va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘rtasida kooperatsion aloqalarni kengaytirish va import orqali xarid qilinayotgan moddiy texnik resurslar o‘rnini bosuvchi mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsulotlarini ishlab chiqarishga jalb etish va bu kabi korxonalar bilan hamkorlikni izchil davom ettirishdir.
Bo‘lim mutaxassislari tomonidan respublika miqyosida faoliyat yuritayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati o‘rganib chiqilib, ishlab chiqarish faoliyatida foydalanishni tatbiq etish maqsadida, o‘rganilgan korxona va tashkilotlarning moddiy texnik resurslaridan majmuaga turli xildagi namunalar olib kelinmoqda. Ushbu mahsulot namunalari ishlab chiqarishda sinovdan o‘tkazilib, mutaxassislarning ijobiy xulosasidan so‘ng tegishli tartibda xaridi amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunga qadar mahalliy ishlab chiqaruvchilar sanalgan “SDK Group AND” MCHJdan moy va havo filtrlari, “Dizel Detall Savdo” XKdan armirlangan shlanglar, “KARMANA GOLD MINE” MCHJdan silindrsimon havo filtrlari, “Avtotraktorradiator” QKdan issiqlik almashinish qurilmasi, “ENERGY PROGRESS MЕTALL” MCHJdan issiqlik almashinish qurilmalari sinov uchun keltirildi va sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Bo‘lim mutaxassislarining samarali faoliyati natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab–quvvatlash bilan bir qatorda, majmuada iqtisodiy samaradorlikka erishilmoqda va shu orqali mutaxassislarimiz mamlakat iqtisodiyotida valyuta tejalishiga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqda.
Jumladan, majmua tomonidan 2022 yilda yillik buyurtmaga asosan 23,512 mln. AQSH dollariga teng qiymatda import moddiy texnik resurslarni xarid qilish rejalashtirilgan bo‘lsa, bo‘lim mutaxassislarining tinimsiz izlanishlari natijasida, jamiyatimiz tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilardan zarur material texnik resurslar xaridi amalga oshirilib, umumiy qiymati 391,9 ming AQSH dollariga teng qiymatda korxona valyuta mablag‘lari iqtisod qilib qolindi va import mahsulotlar xaridi qisqartirilishiga erishildi hamda korxona 2 mlrd so‘mdan ortiq sof foydaga erishdi.
Yil davomida umumiy qiymati 23,88 mlrd. so‘m (74,8%) bo‘lgan ishlab chiqarilgan mahsulotlar realizatsiya qilinishi natijasida majmuamizga iqtisodiy daromad olib kelinishiga erishildi.
Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 24 yanvardagi “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-99-sonli qarorida “Sho‘rtan GKM” MCHJ zimmasiga mahalliylashtirish dasturi doirasida 3 ta loyihani amalga oshirish yuklatilgan bo‘lib, ular quyidagilardir:
- Diametri 50 mm dan 250 mm gacha bo‘lgan suv ta’minoti uchun polietilendan tayyorlangan bosim quvurlari (SDR 11, 1 MPa) ishlab chiqarish;
- Diametri 32 mm dan 110 mm gacha bo‘lgan gaz va suv ta’minoti uchun polietilen quvurlar (SDR 11, 1 MPa) ishlab chiqarish;
- Tomchilatib sug‘orish tizimi (paxtachilik, bog‘dorchilik, uzumzorlar, issiqxonalar) polimer qismlarini ishlab chiqarish
Mahalliylashtirish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘limi mutaxassislari oldiga qo‘yilgan yana bir muhim vazifalardan biri xalqaro va hududiy sanoat ko‘rgazmalarida faol ishtirok etish, korxona imidjini oshirish hamda innovatsion ilg‘or texnologiyalar bilan yaqindan tanishib, kelajakda ushbu texnologiyalarni majmuada joriy etishdan iboratdir. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 26.03.2022 yildagi “2022 yilda hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 134-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 17.11.2021 yildagi 02-RA-1/1-1782-son topshiriqlari va “O‘zbekneftgaz” AJning 24.10.2022 yildagi “Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalari”ni o‘tkazish to‘g‘risidagi 475-sonli buyrug‘iga asosan majmua rahbariyati tomonidan Mahalliylashtirish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘limi xodimlarining:
- 09-10 iyun kunlari Farg‘ona shahrida;
- 25-26 avgust kunlari Nukus shahrida;
- 22-23 sentyabr kunlari Buxoro shahrida;
- 06-08 oktabr kunlari Qarshi shahrida;
- 14-18 noyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan tarmoqlararo sanoat yarmarkalarida faol va munosib ishtiroklari ta’minlab berildi.
Mazkur yarmarkalar doirasida, Jamiyatimiz ehtiyojlari uchun importdan xarid qilinayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va rivojlantirish maqsadida, "Sho‘rtan GKM" MCHJ va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘rtasida jami 74 ta ikki tomonlama memorandumlar imzolandi hamda ular bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari rasmiylashtirildi. Shundan, Toshkent shahrida imzolangan memorandumlar bo‘yicha mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan amalga oshiriladigan loyihalarning dastlabki miqdori 9,975 mlrd. so‘mni tashkil etganligi alohida ahamiyat kasb etadi.
Bugungi taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, mahalliylashtirish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘limi tomonidan 2023 yilda bajarilishi rejalashtirilayotgan ishlarni amalga oshirish natijasida, ya’ni importdan harid qilinishi rejalashtirilayotgan moddiy texnik resurslarni ichki mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinishi hisobiga 390,0 ming AQSH dollariga teng qiymatda korxona valyuta mablag‘lari tejalishi va mahalliy ishlab chiqarish korxonalaridan xaridlarni amalga oshirish hisobiga ~2,0 mlrd so‘mga teng miqdorida korxona sof foydaga erishishi rejalashtirilmoqda.
«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|