Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning tub zamirida har bir sohada yosh mutaxassislarni yetishtirish, bu borada ularni qo‘llab-quvvatlash hamda taraqqiyotning o‘zagiga aylanishini ta’minlash yotadi. Binobarin, yuqori salohiyatli va ma’nan barkamol kadrlargina mamlakatning ustunlariga aylanishi mumkin.
"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda ham soha xodimlarini har tomonlama yetuk bo‘lishida ilg‘or xorijiy tajriba va milliy amaliyot uyg‘unligi asosida keng qamrovli va tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, majmuada muhim o‘rin tutuvchi boshqaruv va ishlab chiqarish sohasi kadrlariga bo‘lgan ehtiyojini o‘z vaqtida qondirish, ushbu lavozimlarga tayinlashda moslashish davrini qisqartirish, kadrlarning kasbiy va boshqaruv mahoratini rivojlantirish hamda kadrlar zaxirasini shakllantirish jarayonini yanada takomillashtirish maqsadida “Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda Kadrlar zaxirasini shakllantirish tartibi to‘g‘risida Nizom ishlab chiqilgan.

Ayni kunlarda mazkur Nizom asosida tegishli tarkibiy bo‘linmalarda sinov imtihonlari orqali kadrlar zaxirasini yaratish, zaxiraga kiritilgan ishchi-xodimlarni maqsadli ravishda qayta tayyorlash va malakasini oshirish, xodimlarning xizmat pog‘onalarida o‘sishini monitoring qilish yo‘nalishlarida qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, joriy yilning boshidan, bugungi kungacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida majmuaning Etilen ishlab chiqarish sexi, Polietilen ishlab chiqarish sexi, Bug‘ gaz havo ta’minoti sexi, Mexanik ta’mirlash sexi, Elektr ta’minoti sexi hamda Nazorat o‘lchov asboblari va avtomatlashtirish sexlari tomonidan kadrlar zaxirasi tarkibiga kiritish uchun tavsiya etilgan xodimlarning 150 nafardan ortig‘i bilan sinov imtihonlari hamda yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi va Personalni boshqarish xizmati (HR) tomonidan amaldagi zaxira ro‘yxati shakllantirilmoqda.

Bunda, rahbar kadrlar va malakali mutaxassislar zaxirasining darajalari, lavozimlar nomenklaturasi, elektron ma’lumotlar bazasi, nomzodning istiqbolliligi hamda oshkoralik, xolislik, raqobat, faollik, qarorni birgalikda qabul qilish va zaxiradan tayinlash ustuvorligi kabi tamoyillar inobatga olinmoqda.

Bu kabi tadbirlar kelgusida "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJdagi rahbar kadrlar zaxirasini yaratish hamda malakali mutaxassislar yetishtirishda, xodimlarning doimiy ravishda o‘z ustilarida ishlashlarida, har bir tarkibiy bo‘linmani o‘z kasbining haqiqiy iqtidorlari bilan boyitishda o‘z samarasini ko‘rsatishi shubhasizdir.

Kadrlar zaxirasini shakllantirish mexanizmi!
Zaxira talab etiladigan lavozim - Korxonada muhim o‘rin tutuvchi boshqaruv va ishlab chiqarish sohasidagi lavozim;
Kadrlar zaxirasiga kiritish uchun nomzod - kadrlar zaxirasiga kiritish uchun sex, xizmat, bo‘lim va tarmoqlar tomonidan tavsiya etilgan nomzodlarning dastlabki ro‘yxati;
Kadrlar zaxirasi - Sex, xizmat, bo‘lim va tarmoqlar tomonidan tavsiya etilgan nomzodlarning dastlabki ro‘yxatiga asosan muhim o‘rin tutuvchi lavozimga tanlab olingan xodimlar va ularning tasdiqlangan ro‘yxati;
Individual rivojlanish rejasi - Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimning rivojlanish bosqichlari hamda muddatlarini belgilaydigan hujjat.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati