“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari O.Temirov, "Shurtan GKM" MCHJ da bo‘lib, majmuada amalga oshirilishi rejalashtirilgan ta’mirlash ishlari, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati hamda energiya tejamkorlik tadbiri borasida olib borilayotgan ishlar holati bilan tanishdi.

Dastlab, texnologik jarayonlarining ish samaradorligi va ishonchliligini oshirish holati hamda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining alohida muhim obyektlarining barqaror ishlashini hamda kuz-qish mavsumida respublika aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarini uglevodorod xom ashyosi va mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida majmuada  sentyabr-oktyabr oylarida amalga oshiriladigan joriy ta’mirlash ishlariga tayyorgarligi holati o‘rganildi.

Shuningdek, rejali ta’mirlash ishlari doirasida majmuadagi Honeywell avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar, jumladan modernizatsiya ishlarini amalga oshirish uchun xizmatlar va butlovchi qismlarning xaridi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi.

O‘rganishlar davomida joriy yilning o‘tgan 8 oyi mobaynida “Shurtan GKM” MCHJning faoliyati natijalari, ishlab chiqarish reja ko‘rsatkichlarining bajarilishi holati tahlil qilinib, soha obyektlarini kuzgi-qishki mavsumga tayyorlash borasidagi amalga oshirilgan chora-tadbirlar ijrosi nazoratdan o‘tkazildi.

Bundan tashqari, majmuada energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda energiya tejamkorlik tadbiri bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘zdan kechirilib, Boshqaruv raisi o‘rinbosari tomonidan majmua rahbariyati va mas’ul xodimlarga qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati