Majmuamizning Ishchilar shaharchasida mo‘jazgina qad ko‘targan "Shurtan gaz kimyo majmuasi tarixi muzeyi" haqida bilmagan yoki bilib faxrlanmagan majmua xodimi bo‘lmasa kerak.

Dunyo tarixi uchun bu qisqa muddat kimyoviy zarrachalardek ahamiyat kasb etsada, biroq majmua tarixi uchun bu davr zarhal harflar bilan bitilib, baxtli kelajakka tuganmas xazina qoldirgan ajoyib davrdir.

Shurtan gaz kimyo majmuasi tarixi muzeyi 2007-yildan o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, muzey yaratilishi g‘oyasi majmuaning o‘sha davrdagi bosh direktori Alisher Saidabbasovich Sultanovga tegishli.

2007-yil 25-aprel kuni ushbu muzeyning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan va unda majmuani qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan quruvchilar, mehnat faxriylari, respublika, viloyat, tuman ta’lim muassasalari namoyondalari, majmua ishchi-xodimlari hamda Qashqadaryo viloyatining o‘sha vaqtdagi hokimi Nuriddin Zayniyev ishtirok etgan.

Muzeyda jamlangan barcha eksponat va jihozlar majmuaning yaratilishi tarixi, ijtimoiy va madaniy hayoti hamda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini yoritib boradi.

2019-yilda majmua Bosh direktori Sh.Aslanovning tashabbusi bilan majmua tarixi muzeyida zamonaviy uslubda qayta ta’mirlash, rekonstruksiya qilish ishlari boshlandi va 2024-yil 19-aprelda qayta ochilib, yana o‘z faoliyatini boshladi.

Ayni paytda muzey 3 qismdan iborat bo‘lib, ular “Asosiy zal”, “Selfi zali” hamda majmua tasarrufidagi ijtimoiy soha faoliyatini aks ettiruvchi "Ijtimoiy soha zali"dan iborat.

Bugungi kunda muzeyda majmuaga tegishli tarixiy hujjatlar hamda 300 ga yaqin suratlar va 200 ga yaqin eksponatlar mavjud.

Muzey quyidagi 13 ta burchakdan iborat:
1. “Yil xodimlari” va "Davlat mukofoti sohiblari"
2. Majmua qurilishi tarixi
3. Majmua faoliyatidan lavhalar
4. Mehnat jamoalari
5. Sertifikatlar
6. E’tiroflar
7. Mahsulotlar
8. Majmua - mening sha’nim, vijdonim, faxrim!
9. Olimlarimiz va ijodkorlarimiz
10. "Sevinch" FK
11. "Nasaf" PFK
12. "Erkatoy" MTM, "Lochin" BSO,"Geolog" MSSM
13. "Majmua fidoyilari"

Shuningdek, muzey binosida majmua ishchi-xodimlari uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy kutubxona ham bor bo‘lib, unda jami 2500 donaga yaqin badiiy, texnik, ilmiy, tarixiy, siyosiy, she’riy va hajviy kitoblar mavjud.

Kelajakda majmua tarixi muzeyi o‘z faoliyatini yanada rivojlantirish va nafaqat soha vakillari, majmua xodimlari, balki ularning farzandlarini ham muzey bilan tanishib borishga jalb etishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Shurtan gaz kimyo majmuasi tarixi muzeyi jamoasi muzey va kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishish uchun barcha hamkasblarimizni taklif qiladi.


«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati