Korrupsiya dunyo miqyosidagi global muammolardan biridir. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, dolzarb masalalar qatoridan o‘rin egallagan.

Mamlakatimizda ham davlat va jamiyat boshqaruvining turli sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida izchil hamda samarali chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Xususan, “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar, zavod-boshqarmalar va neft bazalarda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ishlarning natijadorligini oshirish, hamda kelgusidagi oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan muntazam ravishda turli xil amaliy tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Joriy yilning 21-may kuni "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari, “O‘zbekneftgaz” AJ Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti vakillari, majmua rahbariyati va xodimlari ishtirokida tashkil etilgan "Korrupsiya - taraqqiyotga tahdid" mavzusidagi seminar ham ana shunday tadbirlardan biridir.

Seminarda korrupsiya tushunchasi, shakl va sabablari, unga qarshi kurashishda komplayens-nazorat tizimining o‘rni va ahamiyati, korrupsiyaviy xavf-xatarlar, manfaatlar to‘qnashuvi va uni oldini olish masalalari, davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalari kabi mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.

Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunlarining mazmun-mohiyati haqida so‘z bordi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar huquqiy mavzuda o‘zlarini qiziqtirgan masalalar va fikr-mulohazalar bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda “O‘zbekneftgaz” AJ Moliyaviy va komplayens nazorati departamenti vakillaridan javoblar olishdi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati