Joriy yilning 27-28-may kunlari Iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari - "Kelajak Liderlari"ni shakllantiramiz loyihasi doirasida Qashqadaryo viloyati "Kelajak liderlari" klubi va "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ yoshlari o‘rtasida do‘stlik uchrashuvi tashkil etildi.

Dastlab, mehmonlar kutib olinib, majmua rahbariyati va davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi vakillari ishtirokida "Kelajak liderlari" klubi a’zolari va majmua yoshlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Suhbat yakunida mehmonlarni zavodning ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirildi.

Uchrashuvning ikkinchi qismi esa, "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ tasarrufidagi "Lochin" bolalar dam olish oromgohida bo‘ldi.

Har ikkala tomon o‘rtasida do‘stona muhit yaratish va qolaversa sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan hatti-harakatlarning keyingisi, ishtirokchilar o‘rtasida futbol bo‘yicha o‘rtoqlik bellashuvi bo‘ldi.

Kun yakunida ishtirokchilar madaniy xordiq chiqarishlari uchun gitara jo‘rligidagi jonli ijroda musiqa tinglab, diltortar qo‘shiqlar ijrochisiga qo‘shilib kuylash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Ikkinchi kun boshi esa Shahrisabz tuman prokurori o‘rinbosari N. Rahimovning Korrupsiyaviy holatlar va ularni oldini olish borasidagi bajarilayotgan ishlar xususidagi ma’ro‘zalari va ushbu ishlarga ishtirokchilarning munosabatlari xususidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

So‘ng ishtirokchilar o‘rtasida "Zakovat" bellashuvi tashkil etildi.
Bellashuv muzokarali holatlar, qizg‘in bahslarga boy ruhda o‘tib yakdil g‘olib jamoani aniqlash tashkilotchilarga ham bir muncha qiyinchilik tug‘dirdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tadbirning ishtirokchilar uchun unutilmas va ularga yaxshigina hayotiy saboq bo‘ladigan qismi Shahrisabz tuman hokimi bilan bo‘lib o‘tgan motivatsion suhbat bo‘ldi, desak, adashmagan bo‘lamiz. Sababi, tuman rahbarining hozirgi kunga qadar bosib o‘tgan yo‘li, ushbu davr moboynida har bir holatdan chiqargan shaxsiy xulosalariga yo‘g‘rilgan va ushbu xulosalarga sabab bo‘lgan hayotiy detallarga asoslangan kiritmalari qatnashchilarda qiziqish uyg‘otdi.

Suhbat yakuni tadbirning yopilish marosimiga ulanib, ikki kun moboynida tashkil etilgan turli tadbirlar, sport musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bir so‘z bilan aytganda ikki kunlik tadbir, majmua yoshlari va viloyat "Kelajak liderlari" klubi a’zolari o‘zaro do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga va qolaversa kelajakda asqotishi mumkin bo‘lgan yana birqancha ko‘nikmalarni o‘zlashtirishlariga xizmat qilgani bilan ular uchun juda ham ahamiyatli bo‘ldi.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz