Joriy yilning 20-25-may kunlari Toshkent kimyo-texnologiya institutida “Barqaror rivojlanish va yashil iqtisodiyot” xalqaro ilmiy haftaligi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu ilmiy haftalik doirasida institutning 1500 dan ziyod bitiruvchi talaba yoshlari uchun “KARYERA KUNI” bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi.
Tadbirda 80 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalari, “O‘zkimyosanoat” AJ hamda “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi yirik ishlab chiqarish korxonalari vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Toshkent shahar filiali mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi vakillari tomonidan davlat tashkilotlariga ishga kirishning yangi tartibi bo‘yicha hamda vacancy.argos.uz sayti orqali ishga kirish tartibi bo‘yicha bitiruvchi talabalarga tushunchalar berdilar.
Shundan so‘ng, tadbirga tashrif buyurgan korxonalar vakillari o‘zlarining faoliyatlari haqidagi ma’ruzalar, slaydlar hamda videoroliklar orqali taqdimotlar qilishdi. Jumladan, "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ mutaxassislari ham o‘zlarining taqdimoti bilan ishtirok etib, majmua kadrlar zaxirasi uchun bitiruvchi talabalar bilan suhbatlar uyushtirdilar.
Bu kabi tadbirlar, yoshlar bandligini ta’minlash, iqtidorli va bilimli talabalarni saralash hamda korxonalarning kadrlar zaxirasini shakllantirishda salmoqli hissaga ega bo‘lib, mamlakat sanoati va fuqarolari kelajagini belgilashda muhim rol o‘ynaydi.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati