“O‘zbekneftgaz” AJ hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamkorligida OAV vakillari, bloger va keng jamoatchilik vakillari uchun Qashqadaryo viloyatida joylashgan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasiga press-tur tashkil etildi.
Ushbu majmua mamlakat iqtisodiyoti va rivoji yo‘lida muhim ahamiyatga ega. Umumiy maydoni 150 gektar dan ortiq bo‘lgan ushbu korxonada yiliga 3,9 mlrd kub metr tabiiy gaz qayta ishlanib, 3,5 mlrd kub metr tovar gazi, 125 ming tonnadan ortiq polietilen granulasi, 100 ming tonnadan ortiq suyultirilgan gaz, 100 ming tonnadan ortiq gaz kondensati, 1,5 ming tonna oltingugurt granulasi, 750 ming kv metrdan ortiq alyumin kompozitli panellar, 4,5 ming tonnadan ortiq polietilen quvurlar, shlanglar, ulovchi qism (fiting)lar va tomchilab sug‘orish tizimlari hamda boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Joriy yilning o‘tgan davrida majmua tomonidan 3,224 millard metr kub xomashyo gazi qayta ishlanishi natijasida reja-topshiriq 106,4% bajarildi. Shundan 2,761 milliard metr kub tabiiy gaz (rejaga nisbatan 108,2%), 101,9 ming tonna polietilen (rejaga nisbatan 106%), 90,2 ming tonna suyultirilgan gaz (rejaga nisbatan 107%), 81,7 ming tonna gaz kondensati (rejaga nisbatan 115,5%) va 0,8 ming tonna oltingugurt (rejaga nisbatan 105,4%) ishlab chiqarildi.
Jurnalistlar press-tur doirasida “Sho‘rtan GKM” tozalangan metan gazi negizida suyuq sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish loyihasi “Uzbekistan GTL” zavodining tashqi infratuzilma oby’ektlarini qurilishi ishlari bilan ham tanishishdi.
Xususan, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tomonidan amalga oshirilgan yangi zavodning elektr ta’minoti, gaz ta’minoti, temir yul infratuzilmasi, ma’muriy xo‘jalik majmuasi oby’ektlari hamda qo‘riqlash shaharchasi, ishchilar shaharchasida bo‘lishdi.
Shuningdek, OAV vakillari yaqinda qurib bitkazilgan “Uzbekistan GTL” zavodini barqaror va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashga mo‘ljallangan quvvati 125 MVA bo‘lgan 2 ta transformatorli yangi “GTL 220/35/10 kV” podstantsiyasining faoliyatini ham o‘rganishdi.
Ushbu podstantsiyaning qurilish va montaj ishlari Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining malakali mutaxassis va ishchi-xodimlari tomonidan amalga oshirilgan.
Ma’lumot uchun shuni ta’kidlash lozimki, podstantsiyaning umumiy qiymati 81 mlrd so‘mni tashkil etib, loyihalash ishlari “Sredneazenergosetproekt” instituti tomonidan amalga oshirildi.
Ayni paytda “Uzbekistan GTL” zavodini xomashyo va yoqilg‘i gazlari bilan ta’minlash borasida majmuada jadal ishlar olib borilmoqda. Jurnalistlar uchun mazkur ish jarayonini yaqindan tanishish imkoni yaratildi.
Gaz ta’minoti oby’ektlari yangi barpo etilayotgan zavodni xomashyo va yoqilg‘i gazlari bilan ta’minlash uchun xizmat qiladi. Ushbu loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish uchun Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi, “Uzbekistan GTL”, Hyundai Engineering hamda Enter Engineering kompaniyalarining malakali mutaxassislari jalb etildi.
Gaz ta’minoti oby’ektlari loyihasi doirasida ikkita gaz quvurini yotqizish va gaz sarfini o‘lchash (zamernoy uzel) qurilmalarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Ularga:
• “O‘ztransgaz” AJ dan qabul qilinuvchi yoqilg‘i gazi quvuri hamda
• Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi va Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidan qabul qilinuvchi asosiy xomashyo gazi quvuri kiradi.
Hozirgi kunda jami 5 km dan ortiq gaz quvurlari yotqizilib, “Uzbekistan GTL” zavodini mavjud magistral gaz quvurlariga ulash ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi va gaz sarfini o‘lchash qurilmalari o‘rnatildi.
Ko‘rib turganingizdek, hozirgi zamon talablarga mos yana bir oby’ektning foydalanishga topshirilishi orqali davlatimiz iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan gazni chuqur qayta ishlovchi zavodning ishga tushirilishida katta qadamlardan biri qo‘yildi.
Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida o‘tkazilgan press-turda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga javob olishdi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan