Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash mamlakatimizda uzluksiz ta’lim tizimi turlaridan biri hisoblanib, uning asosiy vazifasi xalq xo‘jaligining barcha sohalarida ishlovchi mutaxassislar va rahbar xodimlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yangilash hamda chuqurlashtirishdan iboratdir. Kadrlarning raqobatbardoshlik sifatlari hamda bilim va ko‘nikmalarini zamon talablariga javob bera oladigan darajada bo‘lishini ta’minlash hozirgi kunda o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimizning "Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 2022 yil 7 iyuldagi PQ-309-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ va O‘zbekiston Respublikasi Standartlar instituti o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida majmua xodimlarining malakasini oshirish maqsadida “Shurtan GKM” MCHJda ISO 45001 – “Sog‘liqni muhofaza qilish va mehnat xavfsizligi boshqaruv tizimi” standarti bo‘yicha o‘quv seminar-trening kurslari tashkil etilmoqda.
Ushbu o‘quv kurslari davomida tinglovchilar korxonalarda Sog‘liqni muhofaza qilish tizimi ichki mehnat tartib qoidalarini tashkil etish va o‘rnatish, mehnat xavfsizligini boshqarish faoliyati to‘g‘risida bilim va ko‘nikmalarini oshiradilar.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki ISO 45001 xalqaro standartining asosiy maqsadi ish joyidagi xavfsizlik muammolarini minimallashtirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni bartaraf etish, korporativ javobgarlikni namoyish etish va korxona uchun eng muhim boylik bo‘lgan xodimlarning sog‘liqlarini saqlashdir.
Malaka oshirish va qayta tayyorlash o‘quv kurslari har bir xodimning mutaxassisligi bo‘yicha so‘nggi fan yutuqlari, yangiliklari bilan tanishish, ularni o‘zlashtirish, yangi amaliy ish usullari, ilg‘or ish tajribalarini o‘rganishdan iborat ilmiy nazariy hamda amaliy tayyorgarlik jarayoni hisoblanadi.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati