Joriy yilning 11-oktyabr kuni “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ va Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti hamkorligida majmua hududida tashkil etilgan “Gaz-kimyo va energetika” ilg‘or muhandislik maktabining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev, Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov, "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ, "Uzbekistan GTL" MCHJ va Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, muhandis-texnologlar, talabalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan viloyat hokimi Murotjon Azimov yurtimizda ilg‘or muhandislik maktablarining tashkil etilishidan ko‘zlangan asosiy maqsadlar haqida to‘xtalib o‘tdi va yangi bino foydalanishga topshirilishi munosabati bilan barcha tadbir ishtirokchilarini tabrikladi.
"So‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda innovatsiya, ilm-fan bo‘yicha katta islohotlar amalga oshirilyapti. Ajratilayotgan mablag‘lar salmog‘i oshayapti, sharoitlar yaratilyapti. Lekin, ilm-fan va ishlab chiqarish uzviyligini bog‘lash, malakali muhandislar tayyorlash bo‘yicha ishlarimiz hali ko‘p", — dedi viloyatimiz rahbari.
Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqanlar bu kabi ilg‘or muhandislik maktablari mamlakatimizda mutaxassislar tayyorlash jarayonini zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etish va sanoatga yordam berishda katta ahamiyatga ega ekanligi haqida alohida ta’kidlab o‘tishdi.
Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari ilg‘or muhandislik maktabi o‘quv binosi va laboratoriyalari bilan yaqindan tanishdilar. Talabalar bilan muloqot olib bordilar.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, "Gaz-kimyo va energetika" ilg‘or muhandislik maktabida neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi, elektr ta’minoti va kimyoviy texnologiya mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.
Ushbu dargohda 2024-2025 o‘quv yili davomida 24 nafar magistr, 6 nafar yosh olim va doktorantlar ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish, korxonaning ilmiy texnologik muammolari bo‘yicha jami 3,0 mlrd. so‘mlik 3 ta ilmiy loyiha bajarilishi rejalashtirilgan.
Ilg‘or muhandislik maktabi talabalariga Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti hamda Malayziyaning Petronas texnologiyalar universiteti, Germaniyaning Drezden texnika universiteti, Rossiyaning Tomsk texnika universiteti, Belarus milliy texnika universiteti professor-o‘qituvchilari, korxonaning ko‘p yillik tajribaga ega malakali mutaxassislari saboq beradi.
Shuning barobarida dars mashg‘ulotlari jahondagi TOP-300 universitetlarning chuqurlashtirilgan modulli o‘quv dasturlari, o‘quv rejalari, xorijda chop etilgan darslik va o‘quv qo‘llanmalar asosida o‘tkaziladi.
Mazkur zamonaviy ilm dargohi joriy yilning 20-iyun kuni Prezidentimiz raisligida muhandis kadrlarni tayyorlash masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash borasidagi ishlarning amaliy natijasidir.
Shuningdek, tadbir doirasida viloyat hokimi Murotjon Azimov va "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ, "Uzbekistan GTL" MCHJ zavodlarida faoliyat olib borayotgan yosh muhandislar hamda Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti talabalari o‘rtasida "Hokim va muhandis yoshlar uchrashuvi" bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida tashkil etilib, unda yoshlarning taklif va mulohazalari tinglandi.
Muloqot davomida viloyat hokimi Murotjon Azimov yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tiborning mohiyati haqida so‘z yuritdilar. Viloyat hokimi sovrini uchun o‘tkazilayotgan turli tanlovlar, musobaqalar yo‘nalishini yanada ko‘paytirish haqida fikrlar bildirildi.
Shuningdek, joriy yilda mamlakatimizda o‘tkaziladigan saylovlardagi yangilanishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Bu kabi siyosiy jarayonlarda yoshlarning faolligi muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida, "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ tomonidan Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining 4-bosqich talabalari orasidan iqtidorlilarini tanlab olish maqsadida o‘tkazilgan stipendiya va amaliyot dasturlari g‘oliblariga sertifikatlar topshirildi.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati