Joriy yilning 7-avgust kuni “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va majmuaning mas’ul xodimlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvning asosiy maqsadi ilg‘or muhandislik maktabini tashkil etish va korxona bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ilmiy loyihalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv davomida muhokama qilingan eng muhim masalalardan biri majmuada “Neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi”, Yuqori molekulali birikmalar kimyoviy texnologiyasi (polimer),  Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish (kimyo, neft-kimyo va oziq-ovqat sanoati), “Texnologik mashinalar va jihozlar (Neft va gaz sohasi) ta’lim yo‘nalishlari kafedralarining filiallarini ochish tashabbusi bo‘lib, bu filiallar orqali dual ta’lim tizimini tashkil etish rejalashtirilgani ta’kidlab o‘tildi.

Dual ta’lim (bakalavr bosqichi), ya’ni nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirgan holda o‘qitish, talabalarning bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga, ularning kelgusidagi kasbiy faoliyatiga samarali tayyorgarlik ko‘rishga imkon beruvchi jarayondir.

Mazkur tashabbus joriy yilning 20-iyun kuni Prezidentimiz raisligida muhandis kadrlarni tayyorlash masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda muhim qadam hisoblanadi. Shu boisdan, kafedralar filiallarining tashkil etilishi nafaqat ta’lim sifatiga, balki mamlakatimizdagi sanoat sohasining rivojiga ham katta hissa qo‘shadi.

Tadbir davomida institut professor-o‘qituvchilari tomonidan bevosita korxona bilan hamkorlikda amalga oshirilishi mo‘ljallangan 3 ta ilmiy loyiha taqdimoti ham o‘tkazildi. Bu loyihalar, zamonaviy texnologiyalar va ilmiy tadqiqotlar asosida energetika sohasidagi mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan.

Uchrashuv davomida ushbu loyihalarning ilmiy va amaliy ahamiyati, ularning natijalarini realizatsiya qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari va o‘zaro manfaatli sherikchilik asosida ishlarni olib borish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuv samarali bo‘lib, taraflar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va amaliy natijalarga qaratilgan kelishuvlarga erishildi. Bu esa kelgusida mamlakatimiz sanoatidagi muhandislik kadrlarini tayyorlashning yangi bosqichga olib chiqishi shubhasizdir.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati