Joriy yilning 14 fevral kuni majmuada 2023 yil uchun ishlab chiqilgan "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" mas’uliyati cheklangan jamiyati obyektlarida tezkor qutqaruv xizmatlari ishtirokida avariya vaziyatlarini bartaraf etish rejasi bo‘yicha tasdiqlangan jadvalga asosan, Oqova suvlarni tozalash sexiga qarashli AD-6401 qurilmasi hududida taktik-maxsus o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.

Bo‘lib o‘tgan taktik-maxsus o‘quv mashg‘ulotida sanoat xavfsizligi va texnika nazorati xizmati, sog‘liqni saqlash va mehnat muhofazasi xizmati, Safarbarlik chaqiruv ishlari va fuqaro muhofazasi guruhi, Atrof muhit muhofazasi xizmati, majmua sex poliklinikasi xodimlari hamda majmuaning tezkor xizmatlari G‘uzor harbiylashtirilgan gazdan qutqaruv xizmati, “Sho‘rtan GKM” MCHJ obyekt binolarida yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish bo‘limi otryadining 39, 40 yong‘in qutqaruv qismlari ishtirok etishdi.

Bu kabi amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, majmuada tabiiy va texnogen tusdagi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda qutqarish va boshqa shoshilinch ishlarni aniqlash, tashkillashtirish hamda amalga oshirishda majmua ma’muriyati, qo‘mondonlik shtabi va majmuada shakllantirilgan fuqaro muhofazasi tarkibining faoliyatini muvofiqlashtirish va ularning mahoratini oshirish, shuningdek, strategik muhim sanalgan hududlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, qutqaruv va boshqa shoshilinch ishlarni bajarishda nazorat organlari, obyekt bo‘linmalarining harakatga tayyorlik darajasini tekshirishdan iboratdir.

Ta’kidlash joizki, bunday amaliy mashg‘ulotlar ixtisoslashgan xizmat xodimlari va majmua ishchi-xizmatchilardan iborat qutqaruvchilarda, kutilmagan vaziyatlarda, favqulodda holat haqida dastlabki ma’lumotlarni barcha tezkor xizmatlarga xabar berish va ogohlantirish, sodir bo‘lgan shartli tabiiy va texnogen vaziyatni bartaraf etish uchun jalb qilinadigan kuch-vositalarni to‘g‘ri yo‘naltirish, jabrlanganlarni xavfsiz hududga olib chiqish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|