Shurtan gaz kimyo majmuasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni jahon bozori standartlari asosida tayyorlash va qayta ishlash, sohada sifat ko‘rsatkichlarini yanada oshirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, majmuaning ishlab chiqarish jarayonlarida tabiiy gazdan nordon gazlarni tozalab olishda foydalanilgan dietanolamin eritmasini sovitish uchun mo‘ljallangan havo bilan sovitish qurilmasi (AVO)ning "F" (ES-1701F) paketi yangisiga almashtirildi.
Havo bilan sovitish qurilmasining “F” (ES-1701F) paketini yangisiga almashtirish ishlari majmuaning o‘zida mexanik ta'mirlash sexi mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi.
Shuningdek, issiqlik almashinish effektini me'yorlashtirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida havo bilan sovitish qurilmasining qayta ta'mirlangan paketlari, mexanik ta'mirlash sexi hamda etilen ishlab chiqarish sexi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqarish texnologik jarayonlarining barqarorligiga putur yetkazilmagan holda montaj qilindi va gidravlik sinovdan o‘tkazilib ishga tushirildi.
Ta'kidlab o‘tish joizki, majmuaning malakali mutaxassislari tomonidan texnologik qurilmalarda amalga oshirilayotgan modernizatsiya va ta'mirlash ishlari "Shurtan GKM" MCHJning kelajakda barqaror ishlashi va sifat ko‘rsatkichlarini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma'lumot o‘rnida shuni aytish joizki havo bilan sovitish qurilmasi (AVO)ning “F” paketi uchun mo‘ljallangan yangi paket mahalliy ishlab chiqaruvchi "PETROPIPE OIL AND GAZ" MCHJ korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan.
"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati