Elmurodov Shokir Mingnorovich 1966-yilning 23-may kuni Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumani Afg‘onbog‘ qishlog‘ida ishchi oilasida dunyoga kelgan. Shokir Mingnorovichning otasi Mingnor bobo Elmurodov haydovchi, onasi Bozorova Amina momo esa uy bekasi edi. Shokir aka katta oilada besh aka-ukalar va ikki opa-singillar orasida ulg‘aygan.
Shokir Mingnorovich 1973-1983-yillar mobaynida Afg‘onbog‘ qishlog‘idagi 4-sonli o‘rta maktabda ta’lim olgan bo‘lib, maktabdagi o‘qish yillari davomida u o‘ziga xos iste’dodi va intilishi bilan tengdoshlari orasidagi ilg‘orlardan edi. 1984-1986-yillar oralig‘ida Shokir Mingnorovich armiya safida xizmatni o‘tadi.
Armiyadan qaytgach, Shokir Mingnorovich mehnat faoliyatini 1986-yilda G‘uzor tumanidagi Matbuot jamiyatida texnika xavfsizligi bo‘yicha injener vazifasidan boshladi. 1988-1989-yillarda “O‘zbekneftgazgeologiya” geologiya qidiruv birlashmasining Surxandaryo viloyati bo‘linmasida burg‘ulovchi yordamchisi sifatida ish boshlab, neft va gaz sohasi bilan o‘z faoliyatini bog‘ladi. Shundan so‘ng, Shokir aka “Hisoroldi neft va gaz qidiruv ekspedetsiyasi” unitar sho‘ba korxonasida burg‘ulovchi yordamchisi, “Sho‘rtangaz” gaz konlari boshqarmasi Oltingugurt olish va tozalash sexida kuzatuvchi vazifalarida mehnat faoliyatini davom ettirdi.
O‘z ilmini mustahkamlash istagi ila 1990-yilda qahramonimiz Toshkent davlat texnika universitetiga sirtqi bo‘limga, “Neft va gaz konlarini ishlash va ishlatish” yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kiradi va 1996-yilda o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlaydi.
Qahramonimizning shaxsiy hayoti ham uning kasbiy faoliyati singari boy va mazmunlidir. Shokir Mingnorovich 1991-yilda tuman tibbiyot birlashmasi hamshirasi Sherqulova Salima opa bilan turmush quradi. Hozirda Shokir aka oilada uch nafar farzandning otasi va 4 nafar nabiraning bobosi. Katta qizi Sayyora O‘zbekiston Milliy universitetining “Fizika” fakultetini tamomlagan va hozirda G‘uzor tumanidagi 70-sonli maktabda fizika o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritmoqda. Kichik qizi Yulduz O‘zbekiston Jahon tillari universitetini tugatgan, hozirda uy bekasi. O‘g‘li Sunnatjon Toshkent davlat irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan va hozirda ota izidan borib “Surhan gaz chemical” gazni qayta ishlash zavodining Nazorat o‘lchov asboblari va avtomatlashtirish sexida faoliyat yuritmoqda.
2000-yilda Shokir Elmurodov “Shurtan gaz kimyo majmuasi”ga ishga kirib, Etilen ishlab chiqarish sexida sovutish qurilmalari bo‘yicha texnologik qurilma kuzatuvchisi lavozimida ishlay boshladi. Uning bu sohaga qadam qo‘yishi uning mehnat faoliyatida yangi davrni boshladi. Mansab pillapoyalarida ko‘tarilishdan ko‘ra ko‘plab shogirdlar yetishtirishni afzal bilgan qahramonimiz mana sal kam 24 yildirki ushbu qurilmada o‘z ishiga bo‘lgan sodiqlik va mas’uliyat bilan xizmat ko‘rsatib, bu kunga qadar bir qancha shogirdlarga ustozlik qildi va hozirda ham yosh mutaxassislarga o‘z kasbining sirlarini o‘rgatishda davom etmoqda.
Shokir Elmurodovning mehnatsevarligi va mas’uliyati uning kasbiy hayotida eng asosiy qadriyatlaridan biri hisoblanadi. U turli soha va tashkilotlarda ishlab, o‘zini mutaxassis sifatida namoyon qildi va ishlab chiqarish jarayonida muhim bug‘in sifatida faoliyat olib bormoqda. Shokir akaning bugungi kundagi faoliyati uning o‘z kasbiga bo‘lgan mehri va sadoqatini ko‘rsatadi.
Qahramonimiz Sho‘rtan gaz kimyo majmuasidagi faoliyati davomida Jo‘rayev To‘lagan Toshpulatovich, Norchayev Ilxom Xursanovich hamda Eshmurodov O‘ktam Asadullayevich kabi bir qator ustoz-murabbiylardan ta’lim olgan.
– Hayotda nimaga erishgan bo‘lsam, avvalo, ota-onamning tarbiyasi va o‘gitlari, doim ezgu yo‘lni ko‘rsatib qilgan duolari deb bilaman. Ustozlarimning va do‘stlarimning ko‘magi hayotda, ishda erishgan yutuqlarim uchun zamin yaratgan. Bugun o‘tgan yillarni eslab bunga qayta-qayta amin bo‘laveraman, – deydi qahramonimiz kamtarlik bilan.
Bugungi kunga kelib Shokir Mingnorovichning fidoyi mehnati o‘z samarasini berdi. Joriy yilning 24-avgust kunidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoni asosida bir guruh yurtdoshlarimiz qatori Elmuradov Shokir Mengnorovich ham "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlandilar.
Bu kabi sharafli mukofot avvalo yaratganning inoyati, umr bo‘yi qilingan halol mehnat, kasbga sadoqat, oiladagi totuvlik, tinchlik va xotirjamlik uchun shukronalik, ustozlar o‘giti, do‘st va yaqinlar mehri, kasbdoshlar hurmati, el ardog‘i va albatta davlatimiz rahbarining har bir fuqaro farovonligiga qaratilgan odilona islohotlari mevasidir!
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati