“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligida rais o‘rinbosarlari, departamentlar, bo‘linmalar, boshqarmalar, korxonalar, zavod rahbarlari ishtirokida videoselektor o‘tkazildi.

Boshqaruv raisi yig‘ilish avvalida “O‘zbekneftgaz” korxona va tashkilotlarida korruptsiyaga qarshi kurashish, har qanday yo‘l bilan uni oldini olish kerakligi borasida qat’iy topshiriqlar berdi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda xaridlar yo‘nalishida kamchiliklar mavjud ekanligi, ayrim shartnomalar moliyaviy imkoniyatdan, manbalardan kelib chiqmagan holda rasmiylashtirilgani aniqlanayotgani ta’kidlandi.

Boshqaruv raisi shartnoma qiymatini oshirib rasmiylashtirish holatlari uchrayotgani, bugungi kunda jami 721 mln so‘m miqdorida shartnomalar qiymati oshirib tuzilgani esa tizimda hanuzgacha korruptsiya alomatlari mavjud ekanligini bildirdi.

O‘z navbatida, “Muborak” gazni qayta ishlash zavodida 2019–2020-yillar davomida “Qurilish-montaj va ta’mirlash boshqarmasi” MChJ tomonidan amalga oshirilgan qurilish-montaj va ta’mirlash ishlari o‘rganilganda, ko‘plab kamchiliklar aniqlangani tanqid qilindi.

Mazkur MChJ tomonidan Muborak gazni qayta ishlash zavodiga qarashli ob’yektlarda jami 52 mlrd so‘mlik qurilish-montaj va ta’mirlash ishlari bajarilgan bo‘lib, 2020-yilda 39 mlrd so‘mlik bajarilgan ish hajmlari uchun rasmiylashtirilgan dalolatnomalarga ko‘ra, hisoblangan ish haqi 8,6 mlrd so‘mni tashkil etib, haqiqatda esa korxona ishchilariga 3,2 mlrd so‘m ish haqi to‘lab berilgan xolos.

2019-yilda jami bajarilgan 13 mlrd so‘mlik ishlar uchun ishlatilgan 3 mlrd so‘mlik qurilish materiallari, 360 mln so‘mlik jihozlar va asbob-uskunalar MChJ tomonidan xaqiqatda xarid qilinganligi to‘g‘risida hujjatlar mavjud emas.

Boshqaruv raisi tomonidan uzoq yillar davomida korruptsiya “botqog‘iga” botib kelgan neft va gaz sohasida unga qarshi kurashish oson bo‘lmasligi, biroq albatta natijaga erishilishi ma’lum qilindi.

Darhaqiqat, sohada tabiiy gaz qazib chiqarilishi hajmini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda, jumladan, joriy yilda 264 ta quduq ishga tushiriladi, 50 dan ziyod geologik tadbirlarning o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, yana bitta Siquv kompressor stantsiyasi qurilishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Shu sababli, korruptsiya sohadagi islohotlarga to‘siq bo‘lmasligi, unga qarshi barcha birdek kurashishi, hech kimning befarq bo‘lmasligi, o‘z navbatida barcha o‘z qilmishiga yarasha jazo olishi bildirildi.

Eslatib o‘tamiz, ayni shu sabab, 2020-yilda Moliyaviy va komplaens nazorat departamenti tashkil qilingan bo‘lib, ushbu Departament xodimlari tomonidan korruptsiyaga qarshi keskin kurash olib borilayotgani, holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar tegishli tartibda Prokuratura organlariga yuborilmoqda.

Boshqaruv raisining bugungi yig‘ilishdagi topshirig‘i bilan, Moliyaviy va komplaens nazorat departamenti hududiy inspektorlari, hududiy menedjerlar bilan birgalikda qurilish ob’yektlarini topshirishda, qabul qilishda, xaridlar jarayonida, neft va gaz mahsulotlarini realizatsiya qilish va boshqa yo‘nalishlarda shaffoflikni ta’minlash, korruptsiyaga qarshi kurashishda profilaktika choralarini ko‘rish ustuvor vazifa etib belgilandi.

Shuningdek, videoselektor yig‘ilishi davomida asosiy masala har bir korxonaning rahbari xarajat va daromad masalasida shaxsan javobgar ekanligi belgilandi hamda ish faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 4 nafar mas’ul egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz