“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Bug‘ gaz havo bilan ta’minlash sexiga qarashli Deminerallangan suv tayyorlash va bug‘ kondensatini tozalash qurilmasidagi EA-6003 (Tozalanmagan bug‘ kondensatini sovitish uchun) va EA-6005 (Tozalanmagan vakuum kondensatini sovitish uchun) issiqlik almashinish apparatlariga zaxira yaratish maqsadida EA-6003M yangi issiqlik almashinish apparati o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad – kelajakda majmuani to‘la quvvatda uzluksiz ishlash muddatini va qurilmalarni ta’mirlash ishlari uchun to‘xtash muddatlarini ikki yilgacha uzaytirishdir.

EA-6003 va EA-6005 issiqlik almashinuv apparatlari “Uzbekximmash” zavodida ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2000 yilda "ABB Lummus Global GmbH" kompaniyasining loyihasiga asosan o‘rnatilgan va 2001 yilda ishga tushirilgan.
Ushbu apparatlar mahsulot ishlab chiqarish jarayonida muhim ahamiyat kasb etib, EA-6003 issiqlik almashinuv apparati soatiga 230 m3 tozalanmagan bug‘ kondensatini 93 gradusdan 45 gradusgacha, EA-6005 apparati esa soatiga 110 m3 tozalanmagan vakuum kondensatini 58 gradusdan 45 gradusgacha sovutib beradi.
2013 yilda apparatning 30% quvurlar jamlanmasi tiqinlar yordamida yopilganligi sababli  “Uzbekximmash” zavodida ishlab chiqarilgan yangi EA-6003 issiqlik almashinuv apparatiga almashtirilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJning 2021 yil 10-avgustdagi 348-sonli buyrug‘iga asosan “SHGKM” MCHJ Bosh direktori tomonidan 2021 yil 07 sentyabr kuni tasdiqlangan №060/288-i/ch sonli buyrug‘ida "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda 2022 – 2025 yillarda ma’naviy va jismoniy eskirgan jihozlarni bosqichma – bosqich modernizatsiya qilish, zamonaviy jihozlarga almashtirish yuzasidan texnik audit natijalari va majmua texnik kengashining 2021 yil 28 sentyabrdagi 6-sonli bayonidagi takomillashtiriladigan va yangilanadigan jihozlar ro‘yxatining 5-bandiga asosan ishlab chiqarish quvvatlariga ta’sir o‘tkazmasdan Bug‘ gaz havo bilan ta’minlash sexi Deminerallangan suv tayyorlash va bug‘ kondensatini tozalash qurilmasiga qarashli bug‘ kondensatini tozalash tizimidagi EA-6003 va EA-6005 issiqlik almashinish apparatlarida tozalash, ta’mirlash ishlarini olib borish, majmuani uzluksiz ishlashini va ushbu apparatlarni to‘liq ta’mirlashga to‘xtash muddatini ikki yilga uzaytirish maqsadida yangi EA-6003M issiqlik almashinish apparatini zaxira uchun o‘rnatish nazarda tutilgan.

Yangi issiqlik almashinish apparati EA-6003 va EA-6005 issiqlik almashinish apparatlariga zaxira maqsadida o‘rnatilayotganligini hisobga olib quvur o‘tkazgichlari ikkala issiqlik almashinish apparatlariga parallel ravishda ulanishi ko‘zda tutilgan.


Yangi EA-6003M issiqlik almashinish apparati ishchi loyihasida ko‘rsatilgan fundament qismlarining kiruvchi va chiquvchi quvur o‘tkazuvchilari transheyasi kavlanib, trubalar yotqizishga tayyorlash, kiruvchi va chiquvchi quvur o‘tkazuvchilarini montaj qilish ishlari 2022 yil oktabr oyida bo‘lib o‘tgan majmuaning to‘liq ta’mir ishlari vaqtida bajarilgan.

Bugungi kunda yangi EA-6003M issiqlik almashinish apparatini navbatdan tashqari buyurtma va texnik topshiriq asosida sotib olish yuzasidan marketing izlanish ishlari olib borilmoqda.

«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|