Bugun ZOOM platformasida O‘zbekiston Rowing&Canoe federatsiyasining navbatdan tashqari onlayn hisobot-saylov konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va Energetika vazirligi rahbariyati, Rowing&Canoe federatsiyasi Ijroqo‘m a’zolari va murabbiylar ishtirok etishdi. Tadbirda kun tartibiga qo‘yilgan asosiy masala federatsiya raisi Ahmedov Xudoyor Mamajonovichning o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan bo‘shash to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish, X.Ahmedov o‘rniga yangi rahbar va unga o‘rinbosarlar saylash, Ijroqo‘m tarkibini qayta ko‘rib chiqish bo‘ldi.
Yig‘ilish ishtirokchilari bir ovozdan X.Ahmedovning arizasini qabul qilishdi. O‘z o‘rnida Xudoyor Mamajanovich salomatligi bois federatsiya faoliyatini boshqarishga vaqt ajrata olmayotgani, ortda qolgan 2 yildan ko‘proq vaqt davomida olib borilgan hamjihatlikdagi ish uchun tashakkur aytib o‘tdi. Shundan so‘ng federatsiya raisligiga O‘zbekiston energetika vaziri Sultanov Alisher Saidabbasovich nomzodi qo‘yildi. Yig‘ilish ishtirokchilari bir ovozdan A.Sultanov nomzodini qabul qilishdi va Alisher Saidabbasovich O‘zbekiston Rowing&Canoe federatsiyasining yangi raisi etib saylandi.
Ma’lumot uchun, Sultanov Alisher Saidabbasovich 1967 yil 29 noyabr kuni tug‘ilgan. O‘zbekiston Energetika vaziri Alisher Sultanov sport oilasiga begona emas. Bu inson 2017 yanvar – 2018 yanvar davri mobaynida Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, keyinchalik 2018 yil dekabr oyigacha Qo‘mita vitse-prezidenti lavozimida ishlagan. Faoliyati davomida o‘zbek futboliga, xususan ayollar futbolini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan. Shuningdek, ma’lum muddat O‘zbekiston shaxmat federatsiyasini boshqargan. Uzoq yillar davomida “O‘zbekneftgaz” boshqaruvida faoliyat olib borgan. “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi.
“Alisher Sultanov bilan vaqtida samarali faoliyat olib borganmiz. 2017 yil Ashxobodda o‘tgan Jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari, shu yil Bokuda Islom birdamligi o‘yinlarida delegatsiyamizga boshchilik qilgan va mamlakatimiz ushbu musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan edi. Ishonamanki, Alisher Saidabbasovich mazkur federatsiya boshqaruvi uchun munosib nomzod”, – dedi MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov.
manba: Olympic.uz