"O‘zbekneftgaz" AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Ashurov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida kompaniya asosiy faoliyatiga taalluqli bo‘lmagan aktivlarini nima uchun pandemiya davrida, ya’ni butun dunyoda koronakrizis oqibatida narxlar keskin qulayotgan paytda sotayotganiga izoh berdi.
– "O‘zbekneftgaz" AJ tarkibidagi noprofil korxonalarning jami soni nechta? Bir oy oldin sotuvga chiqarilgani e’lon qilingan 41ta aktivdan nechtasi, qanchaga sotildi?
– Avvalida bizda 600tadan ortiq noprofil ob’ektlar mavjud bo‘lgan. Shularning 100tadan ortig‘ini mahalliy hokimiyatlar balansiga berib yuborganmiz. Qolgan qismini baholab, E-ijro auktsionga qo‘yganmiz.
Sohaga oid bo‘lmagan ob’ektlarning 70 foizi sotildi. Qolgan qismini sotish bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti.
Noprofil obyektlarni sotuvga qo‘yishdan tashqari, sohaga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar orasida raqobat bo‘lishi uchun servis korxonalarining 77tasini tizimdan chiqarib, agentlikka berdik.
Bundan asosiy maqsad – bizga xizmat ko‘rsatadigan korxonalar orasida raqobatni hosil qilish, natijada xizmat ko‘rsatish narxini tushirish hamda sifatni oshirish sanaladi.
Ulug‘bek Ashurov
– Noprofil aktivlarni sotish jamiyatning o‘zi tomonidan bildirilgan tashabbusmi? Ertangi kungi iqtisodiy vaziyatni taxmin qilib bo‘lmayotgan hozirgidek sharoitda aholi va tadbirkorlar yirik xarajat qilish va yangi biznes boshlashga shoshilishmaydi. Bu esa aktivlar narxi arzonlashiga sabab bo‘lishi mumkin. Inqiroz vaqtiga kelib shunday qarorga kelingani to‘g‘rimi? Bu aktivlar nega avvalroq, masalan o‘tgan yili sotuvga chiqarilmagandi?
– 2018 yilda Vazirlar Mahkamasining 645-qarori qabul qilingan. Bu ish ancha oldin boshlangan edi. Noprofil obyekt nima? Bu ko‘pincha issiqxonalar, molxonalar, bog‘lar, makaron tsexlari singari "O‘zbekneftgaz"ning asosiy faoliyatiga umuman taalluqli bo‘lmagan bizneslar edi. Ularni xususiy tadbirkorlarga berish 2017 yilda boshlangan, bosqichma-bosqich davom etyapti. Bu ish pandemiya davrida boshlandi, deyish noto‘g‘ri. Chunki bu ish 2017-2018 yilda boshlangan.
Bu – neft-gaz sohasini moliyaviy sog‘lomlashtirish uchun qo‘llanilayotgan choralarning bir yo‘nalishi. "O‘zbekneftgaz"ni xalqaro kompaniyaga aylantirish maqsadi qo‘yilgan, xalqaro reytingdan joy olishga harakat qilinmoqda, auditorlik kompaniyasini jalb qilgan holda audit tadbiri o‘tkazilmoqda. Xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda har bir biznes jarayonining xalqaro talablarga mosligi qayta o‘rganib chiqilmoqda. Bu yana bir yo‘nalish.
"O‘zbekneftgaz" O‘zbekistonning eng yirik tashkilotlaridan biri. Byudjetning katta ulushini shakllantiradi. Bizning asosiy aktsionerimiz – davlat. Asosiy maqsadimiz – davlat va O‘zbekiston aholisiga foyda olib kelish.
manba: kun.uz