Xalqaro Mehnat Tashkilotining tashabbusi bilan 2003-yildan boshlab 28-aprel — “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” deb e’lon qilingan. Ushbu kunda dunyoning 120 dan ortiq davlatlarida dunyo hamjamiyatining ish joylarida sodir bo‘layotgan baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarga chalinishning oldini olish hamda mehnat muhofazasi masalalariga e’tiborni yanada kuchaytirish yo‘nalishida bo‘lgan tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Jumladan, bu yo‘nalishdagi tadbirlar “Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda ham har yili muntazam ravishda o‘tkazilib kelinmoqda.
Shu munosabat bilan joriy yilning 28-aprel kunida Majmua faollar zalida “28-aprel — Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni”ga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Seminarda "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ ma’muriyati, majmua Kasaba uyushma qo‘mitasi vakillari hamda majmuaning barcha sex, xizmat, tarmoq va bo‘limlaridan ishchi-xodimlar ishtirok etishdi.
Seminar davomida, "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Sh.Eshmurodov va Sanoat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, mehnat va atrof-muhit muhofazasi boshqarmasi boshlig‘i U.Haydarov so‘zga chiqib korxonada mehnatni muhofaza qilish ishlarini to‘g‘ri tashkil etish va ishlab chiqarish jarayonlarida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalarni oldini olish, xavfsizlik texnikasi choralarini ko‘rish hamda bu borada ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar va boshqa shu kabi masalalarga batafsil to‘xtalib o‘tishdi.
Shundan so‘ng, Sog‘liqni saqlash va mehnat muhofazasi xizmati xodimlari faoliyatiga bag‘ishlangan videolavha va xizmat xodimlari tomonidan tayyorlangan, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik holatlari qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi aks etgan ta’sirli videolavhalar namoyish etildi.
Tadbir so‘ngida majmua ma’muriyati va Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan, majmuada yillar davomida mehnat sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarda faol ishtirok etgan, mehnat qonunchiligi talablarini buzmagan hamda mehnat muhofazasi sohasining rivoji uchun munosib hissalarini qo‘shib kelayotgan bir guruh ishchi-xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ma’lumot uchun:
O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi ma’lumotlarga ko‘ra, nazorat ostidagi tashkilotlarda ro‘y beradigan baxtsiz hodisalarning 60 foizidan ortiq holatda tashkiliy sabablar, ya’ni ishlab chiqarishda ishlarning to‘g‘ri tashkil etilmaganligi va sanoat xavfsizligi sohasida xodimlar malakasining yetishmasligi, texnik va texnologik jarayonlarda ishlab chiqarish intizomining pastligi, hamda ehtiyotsizlik yoki tavakkalchilikka yo‘l qo‘yishlar oqibatida kelib chiqarkan. 30 foiz holatda texnik sabablar - ya’ni texnik jihozlar va qurilmalarning nosozligi, ularning konstruktiv yangilanmasligi, me’yoriy hujjat va loyiha talablariga rioya etilmayotganligi, texnik qurilmalarga xizmat ko‘rsatishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilish holatlariga bog‘liq ekan. 10 foiz yaqin holatda esa favqulodda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tabiiy va texnogen hodisalar sabab bo‘larkan.
"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati