Joriy yilning 28 dekabr kuni Shurtan gaz kimyo majmuasida 2023 yil sarhisobi bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbir "Shurtan GKM" MCHJning 2023 yil yakunlari bo‘yicha ishlab chiqarish hamda iqtisodiy-ijtimoiy faoliyati sarhisobi aks etgan videorolik bilan boshlandi.

Videorolik namoyishidan so‘ng majmua Bosh direktori Sh.Aslanov so‘z olib, majmua ishchi-xodimlarini kirib kelayotgan yangi 2024 yil bilan samimiy tabriklagani holda, 2023 yilda majmua tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda erishilgan yutuqlarni e’tirof etib, 2024 yil uchun majmua oldiga qo‘yilgan maqsad va rejalar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng majmuada ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida o‘zining fidokorona mehnati, tashabbuskorligi, o‘z kasbiga va ishiga fidoyiligi, o‘z kasbining mohir ustasi hamda hamkasblari hurmatiga sazovor ustoz ekanligi bilan, mehnatsevarligi, intizomligi va shu bilan birga o‘ziga va boshqalarga talabchanligi bilan mehr qozongan, majmua rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shib, jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan bir guruh xodimlar “Shurtan gaz kimyo majmuasi mehnat faoli” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadilar.

Shuningdek, Shurtan gaz kimyo majmuasi tomonidan olib borilgan ijtimoiy himoya sohasidagi faol xizmatlari uchun va shu kabi ezgu ishlarda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan bir qator ishchi-xodimlar Shurtan gaz kimyo majmuasi tomonidan TASHAKKURNOMA hamda pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.

Taqdirlash marosimi davomida 2023 yilda "O‘zbekneftgaz" AJ tizimida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yo‘lida samarali mehnati, tashabbuskorligi, mas’uliyatli va sharafli vazifani bajarishdagi fidokorona xizmatlari uchun SHGKM Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Sh.Normurodov va boshlang‘ich tashilotning ommaviy tadbirlar va sport-salomatlik masalalari yo‘nalishi koordinatori S.Xalilov "O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisi B.Siddiqov tomonidan yuborilgan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbir davomida majmuada an’anaga aylangan yilning "Eng intizomli mehnat jamoasi", "Eng samarador mehnat jamoasi", "Eng faol mehnat jamoasi" hamda "Yil xodimi" nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

2023 yilning "Eng intizomli mehnat jamoasi" nominatsiyasi bo‘yicha Elektr ta’minoti sexi jamoasi, "Eng samarador mehnat jamoasi" nominatsiyasi bo‘yicha Omborlarni boshqarish xizmati hamda Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish xizmati mehnat jamoalari, "Eng faol mehnat jamoasi" nominatsiyasi bo‘yicha Majmua Xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti mehnat jamoasi hamda "Yil xodimi" nominatsiyasi bo‘yicha SS, SX, M va AMMX boshqarma boshlig‘i Xaydarov Ulug‘bek Nematovich e’tirof etildi.

Taqdirlash marosimidan so‘ng, majmuada ishchi-xodimlarining faolligini yanada oshirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini ta’minlash va o‘z iqtidorlarini namoyon etishiga imkon yaratish maqsadida muntazam ravishda tashkil etib kelinayotgan “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

“Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining final bosqichida "Qarshitermoplast" sexining "DINAMIT", Majmua xotin-qizlarining "QUVNOQ QIZLAR", TST, IST, BGHT, ETS ning "ENERJY" hamda "SHGKM Yashil makon" MCHJning "GREEN AREA" jamoalari turli shartlar asosida o‘zlarining mahorat va salohiyatlarini namoyish etishdi.

Hajviy sahna ko‘rinishlar bilan qatnashgan jamoalarning chiqishlari tomoshabinlarning olqishlari bilan qarshi olindi va hajviy janrlarga boy bo‘lgan bellashuvda kichik farq bilan "Qarshitermoplast" sexining "DINAMIT" jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritgani holda "Quvnoqlar va Zukkolar" ko‘rik-tanlovining 2023 yil mavsumi chempioni bo‘ldi.

"Quvnoqlar va zukkolar" ko‘rik tanlovida qatnashgan jamoalarga majmua ma’muriyati va Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati