“Nasaf” jamoasi aʼzolari “Shurtan gaz kimyo majmuasi”da boʻlishdi

Bugun sevimli jamoamiz aʼzolari “Shurtan gaz kimyo majmuasi”da boʻlishdi va zavoddagi ishlab chiqarish bilan yaqindan tanishishdi.

Shundan soʻng majmua faollar zalida "Nasaf" PFK aʼzolari va “Shurtan gaz kimyo majmuasi” xodimlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tadbir avvalida "Nasaf" PFK prezidenti, Shurtan gaz kimyo majmuasi” Bosh direktori Shuhrat Aslanov soʻzga chiqib, jamoa aʼzolarini va majmuaning barcha ishchi xodimlarini futbolchilarimiz tomonidan yaqindagina qoʻlga kiritilgan Superkubok bilan samimiy qutladi va bu yutuq Davlatimiz Mustaqilligining 32 yilligiga Qashqadaryo xalqi uchun ajoyib sovgʻa boʻlganini taʼkidlab oʻtdi.  Nasaf jamoasi bosh murabbiyi Roʻziqul Berdiyev, texnik direktor Botir Qorayev, sport direktori Sergey Kucherenkolar jamoa uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar uchun majmua rahbariyati va barcha xodimlarga klub nomidan oʻz minnatdorchiliklarini bildirishdi. Tadbir davomida zavod ishchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.  Savol-javob ruhida kechgan uchrashuvda Nasaf jamoasi aʼzolari tomonidan tayyorlab kelingan savollarga toʻgʻri javob berganlarga futbolchilar va murabbiylar tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi. Majmuaning xodimlari ham Nasaf vakillariga qarshi savollar bilan javob qaytarishdi.

Tadbir soʻnggida majmua rahbariyati va Nasaf jamoasi murabbiylari oʻrtasida futbol boʻyicha oʻrtoqlik uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bellashuvda doʻstlik gʻalaba qozondi.

Tadbirdan foto va video lavhalarni ushbu havola tomosha qilishingiz mumkin: https://t.me/sgcc_uzb/6354

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati