Eng go‘zal oyning eng nafis bayrami - xotin-qizlarga ehtirom ko‘rsatish an’anasi yil sayin umumdavlat ahamiyatiga ega bo‘lib bormoqda. Zero, jamiyatning madaniyat darajasi, ma’naviy barkamolligi ayollarga bo‘lgan munosabat bilan belgilanadi. Jannat poyida bo‘lgan mo‘tabar onalarimizni e’zozlash, ularning farzand tarbiyasi va yurt kelajagi yo‘lidagi jonkuyarliklarini qadrlash, shuningdek, munis ayollarimiz va suyukli opa-singillarimizni ardoqlash xalqimizga xos qadriyat sanaladi.
Joriy yilning 3 mart kuni "8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni" munosabati bilan majmuada mehnat qilib kelayotgan xotin-qizlar, Qarshi shahridagi Mulla To‘ychi Toshmuhamedov nomidagi Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrida konsert dasturiga taklif etildi.

Noodatiy tarzda boshlangan tadbirda, xodimalar musiqa sadolari ostida kutib olindi. Mahoratli san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, musiqali shou dasturlar tashrif buyurgan xotin-qizlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Konsert dasturidan so‘ng, xotin-qizlar uchun bayram dasturxoni tashkil etildi va tadbirda "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Bosh direktori Shuhrat Aslanov so‘zga chiqib, majmuada mehnat faoliyatini olib borayotgan barcha xotin-qizlarni tabrikladi.

Tadbir davomida tashkil etilgan ko‘ngil ochar dasturlar hamda bir guruh san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga yanada ko‘tarinki va bayramona kayfiyat ulashdi.

Shuningdek, majmua ma’muriyati va Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida uzoq yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh xotin-qizlar tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|