"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ da Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlariga qarashli 99750 hamda 99150-sonli harbiy qism xizmatchilari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda 14 yanvar - "Vatan himoyachilari kuni"ga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Bayram munosabati bilan tashkil qilingan tadbir Vatanimiz madhiyasining tantanavor jarangi bilan ochib berildi.

Tadbir Vatanimiz posbonlari, milliy armiyamiz shijoati va matonati aks etgan videoroliklar namoyishi hamda "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Bosh mutaxassis Maxsus bo‘lim boshlig‘i Sh.Babayev, 99750 Harbiy Qism tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha komandir o‘rinbosari podpolkovnik S.Nabiyev, SHGKM Xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti raisi D.Osimovaning tabrik so‘zlari bilan davom etdi.

Bayram tadbirida fidokorona xizmatlari uchun 99750 hamda 99150-sonli harbiy qismning bir guruh xizmatchilari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi munosabati bilan Fahriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Shuningdek, tadbir davomida majmuada uzoq yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh Afg‘on urushi qatnashchilari va harbiylar majmua ma’muriyati va Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Tadbir nafaqat yaxshi fikrlar, tilaklardan balki, quvnoq va sho‘x kuy-qo‘shiqlarga boy o‘tdi. Avvalo harbiycha sadolar ostida yangragan qo‘shiqlarga hamohang tarzda davom etgan taronalar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Bayram tadbiri davomida 99750 harbiy qism faxriy qorovul bo‘linmasi tomonidan maxsus saf elementlarining mohirona namoyishi ishtirokchilarga o‘zgacha g‘urur va zavq bag‘ishladi.

Shuningdek, SHGKM Xotin-qizlari boshlang‘ich tashkiloti faollari tomonidan ijro etilgan sahna ko‘rinishlari ham tadbir ishtirokchilariga hush kayfiyat ulashdi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati