O‘tganlar xotirasini yodda saqlash xalqimiz uchun azal-azaldan muqaddas fazilat hisoblanadi.
Uzoq yillar davomida majmuaning ishlab chiqarish, ijtimoiy va iqtisodiy hayotida samarali mehnat qilib, o‘chmas nom qoldirgan marhum Akrom Xursanovich Norchayev va Marat Sergeyevich Muxametshin xotirasiga bag‘ishlab 40 yoshdan kattalar o‘rtasida Mini futbol turniri tashkil etildi.

Turnirda majmuaning turli xil sex, tarmoq, xizmat va bo‘limlaridan tashkil topgan 8 ta jamoa ishtirok etdi.
Qizg‘in kurashlar ostida o‘tkazilgan musobaqada majmua boshqaruv apparatining "AUP" jamoasi birinchi o‘rinni, Ichki suv ta’minoti, tashqi suv ta’minoti va elektr ta’minoti sexining birlashgan "ENERGETIK" jamoasi ikkinchi o‘rinni, Uy-joydan foydalanish xizmatining "SHGKM SITY" jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladilar.

Musobaqa yakuniga bag‘ishlangan tadbirda "Shurtan GKM" MCHJ Bosh direktori Shuxrat Aslanov so‘zga chiqib, Akrom Xursanovich va Marat Sergeyevich bilan birga ishlagan vaqtlarini eslab, ular xotirasiga iliq fikrlar bildirdi. 
Musobaqa ko‘tarinki ruhda o‘tganligini alohida ta’kidlab o‘tgani holda ushbu turnirda ishtirok etgan va tashkiliy ishlarda ko‘maklashgan barchaga o‘z minnatdorchiligini bildirib o‘tdi.

Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan "Nasaf" PFK Bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev so‘z olib, sport yosh tanlamasligi, har birimiz mashg‘ulotlar bilan muntazam shug‘ullanishimiz, ayniqsa, yoshi kattalarning turmush tarzini sog‘lomlashtirishda sport muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidladi.

Tadbir yakunida majmua ma’muriyati va Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan g‘olib va sovrindorlarga tashakkurnoma va pul mukofotlari topshirildi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati