Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

"2021 yil ─ Yoshlarni qo‘llab - quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" munosabati bilan majmuada "Rahbar va yoshlar" o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Yoshlarni kelajakda yetuk va salohiyatli kadrlar bo‘lib yetishishiga ko‘maklashish hamda ularning taklif va mulohazalarini tinglash va keng jamoatchilikda qo‘llash maqsadida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda majmuaning bir guruh faol yoshlari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Bosh direktori Shuxrat Aslanov hozirda yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar, shu jumladan majmuada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, qurilish-bunyodkorlik ishlari, kelgusidagi reja va maqsadlar, shuningdek, bu borada yoshlarning o‘rni hamda ularga bildirilayotgan ishonch va ulardan kutilayotgan natijalar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan ushbu uchrashuvda majmua Bosh direktori tomonidan endilikda majmuaning faol yoshlari reja asosida chet tillarini ishdan ajralmagan holda o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishlari, buning uchun yoshlarga majmuada barcha sharoitlar yaratilishi, "Ustoz-shogird" an’analari amalga oshirilishi, IT va loyihalash dasturlarini o‘rgatish va bu borada o‘z salohiyatlarini muntazam oshirib borishlari uchun o‘quv kurslari tashkil etilishi, turdosh korxonalarga tajriba almashib borishlari, san’atga qiziquvchi yoshlarga ijodlarini namoyish etishlariga shart-sharoitlar yaratilishi, shuningdek, majmuada kadrlar zaxirasini shakllantirish va ularni har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun majmuaning o‘zida o‘quv-amaliy mashg‘ulotlari olib borilishi, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun majmuada muntazam ravishda bir qator sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilib borilishi ta’kidlandi.

Qiziqarli bahs munozaralarga boy bo‘lgan ushbu uchrashuvda majmua rahbari o‘z ustozlarining kasbiy ish tajribalaridan misollar keltirib, yoshlarni yanada ruhlantirdi.

Uchrashuvda majmua yoshlari faol ishtirok etishib, o‘zlarining ko‘plab fikr-mulohazalari va takliflarini bildirishdi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ

 

 

www.sgcc.uz