"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJning bir guruh mutaxassislari tomonidan, atrof muhit havosining global isishini oldini olishda hissa qo‘shish hamda ikkilamchi energiya resurslaridan samarali foydalanish maqsadida, yozgi mavsumda majmua "Bug‘ gaz havo ta’minoti" sexining Reduksion sovitish qurilmasidan atmosferaga chiqayotgan ortiqcha past bosimli bug‘ning bir qismini, issiqlik almashinish apparati yordamida sovitib, kondensatsiyalab, bug‘ kondensati tizimiga qaytarish orqali yo‘qotilayotgan energiya resurslaridan qayta foydalanish imkonini beruvchi ratsionalizatorlik taklifi ishlab chiqildi.

Majmua rahbariyati tomonidan ushbu ratsionalizatorlik taklifi ijobiy qabul qilinib, taklif asosida ishchi loyiha tasdiqlandi va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga ta’sir ko‘rsatmagan holda loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha tegishli mutaxassislarga ko‘rsatmalar berildi.

Tasdiqlangan loyiha asosida majmua ichki imkoniyatlaridan foydalangan holda dastavval konstruktorlik guruhi tomonidan qo‘shimcha issiqlik almashinish apparatini o‘rnatish bo‘yicha qurilish va montaj ishlari amalga oshirildi. Hosil bo‘lgan bug‘ kondensatini tizimga qaytarish uchun 25 kub.m hajmli idish o‘rnatildi. Yangi o‘rnatiladigan idishning chiqish qismiga idishda yig‘ilgan bug‘ kondensatini past bosimli bug‘ kondensati tizimiga haydab berish uchun nasoslar va kerakli nazorat o‘lchov asboblari o‘rnatildi.

Ushbu loyiha amalga oshirilishi natijasida atmosferaga ko‘p miqdorda issiqlik chiqishi oldi olinmoqda va eng quvonarlisi oyiga o‘rtacha hisobda yildan yilga qimmatli resursga aylanib borayotgan 2338,58 tonna deminerallangan suv resurslari tejalishiga erishilmoqda.

Hozirgi kunda Reduksion sovitish qurilmasida atmosferaga chiqayotgan past bosimli bug‘ni yangi o‘rnatilgan issiqlik almashinish apparatiga maksimal darajada qabul qilish va amaliyotda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etib, to‘liq rejimga chiqarish ishlari olib borilmoqda.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|