Shurtan gaz kimyo majmuasi nafaqat O‘zbekistondagi eng yirik gaz sanoati korxonalaridan biri, balki Qashqadaryo viloyatining nufuzi va taraqqiyoti namunasi, bir so‘z bilan ifodalaydigan bo‘lsak, viloyatimizning g‘ururidir.

Bugungi kunda tashkilotda ishchi-xodimlarning ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilish, ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan ishlarning yaxshi tashkil etilishi, jamoada ish unumdorligini oshirishga zamin yaratmoqda.
Korxonada ishchi-xodimlarning bo‘sh vaqtlarida maroqli hordiq chiqarish va dam olish vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun ham qator ishlar amalga oshiriladi. Muntazam ravishda sport musobaqalari, shaxmat-shashka, stol tennisi bo‘yicha spartakiadalar o‘tkazilib turiladi. Shuningdek, xar yili "ZAKOVAT", Breyn-ring", "Quvnoqlar va zukkolar" kabi iqtidorli yoshlarni izlab topishga qaratilgan intellektual va ijodiy turnirlar o‘tkazish an’anaga aylangan.

Tashkilotda nafaqat ishchi-xodimlar, balki ularning farzandlari ham e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Dam olish oylarini bolalar sog‘ligini tiklash va dam olishlari uchun bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga yo‘llanmalar ajratilmoqda. Har yili 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga yurtimizning nufuzli oromgohlariga 4000 mingga yaqin yo‘llanma beriladi.

Joriy yildan Shurtan gaz kimyo majmuasi rahbariyati tashabbusi bilan majmuada ko‘p yillardan beri samarali mehnat qilib kelayotgan ishchi-xodimlarning farzandlari uchun Turkiya davlatiga sayohat tashkil etildi.

Majmua ma’muriyati va Kasaba uyushma qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan Anqara shahrida bo‘lgan 7 kunlik sayohat davomida, bolajonlarga Turk badiiy san’ati to‘garaklari, turk me’morchilik obidalari, turk tabiati manzaralari, qiziqarli olovli shoular, ko‘ngilochar maskanlar, bayramona dasturxonlar va boshqa ko‘plab bolajonlarni xursand qiluvchi tadbirlar tashkil etildi.

Sayohat davomida, bolajonlar Turkiya davlatining diqqatga sazovor maskanlari bilan tanishish barobarida o‘zlari uchun qiziqarli bo‘lgan bir qancha ma’lumotlarga va olam-olam taassurotga ega bo‘lib qaytishdi.

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati
 |web-sayt|telegram|YouTube|