Joriy yilning 16-18-avgust kunlari Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrining purviqor tog‘lari bag‘rida joylashgan “Lochin” bolalar dam olish oromgohida O‘zbekiston Energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi, "O‘zbekneftgaz" AJ xotin-qizlar qo‘mitasi hamda "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ hamkorligida "O‘zbekiston ayoli - sog‘lom oila va sog‘lom jamiyat timsoli" shiori ostida “Energetika xotin-qizlari xalqaro forumi” o‘tkazildi.

Forumdan asosiy maqsad yurtimizda va hamdo‘st davlatlarning energetika va neft-gaz sohasida mehnat qilayotgan xotin-qizlarni o‘zaro fikr va tajriba almashishini ta’minlash, ularning ma’naviy dunyosini boyitish, ularda birdamlik va jamoadoshlik ruhiyatini shakllantirish, ilmiy, ijodiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, oilasi va jamiyatda hamda ilmiy-ijodiy faoliyatida erishayotgan yutuqlarini ibrat sifatida ko‘rsatish orqali xotin-qizlarni ilmli bo‘lishga undashga targ‘ib qilishdan iboratdir.Forumda Energetika vazirligi va "O‘zbekneftgaz" AJ tizimidagi korxonalarda hamda "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlardan iborat 200 nafarga yaqin ishtirokchilar, shuningdek, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Tatariston mamlakatlarining energetika va neft-gaz sanoati korxonalardagi mavjud kasaba uyushma qo‘mitalarining 10 nafar vakillari ishtirok etishdi.
Dastavval forumga tashrif buyurgan chet ellik mehmonlarni yurtimizning tarixi va millatimiz qadriyatlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ko‘hna va boqiy Samarqand hamda so‘lim Shahrisabz shaharlariga sayohat uyushtirildi.

Shundan so‘ng "Lochin" bolalar dam olish oromgohida barcha forum ishtirokchilarini kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi va forumga start berildi.

Dastlab forum moderatorlari tomonidan forum dasturining taqdimoti o‘tkazildi va ishtirokchilarga forumdan ko‘zlangan maqsadlar, ko‘zda tutilgan tadbirlar haqida ma’lumotlar berildi.


Dasturga muvofiq forum ishtirokchilarini 10 ta jamoalarga bo‘lgan holda yurtimizdagi malakali kouch-trenerlar ko‘magida "Sog‘lom ayol-sog‘lom jamiyat" mavzusida seminar treninglar tashkil etildi. 


Qiziqarli va interfaol usullarda o‘tkazilgan seminar-treninglardan so‘ng Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining xotin-qizlari tomonidan tayyorlangan "Ajdodlar merosi-go‘zal atlasim!" hunarmandlar ko‘rgazmasi hamda "Zamonlar osha-madaniy meros" milliy folklor namoyishi bo‘lib o‘tdi.


Shundan so‘ng, forumning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Qashqadaryo viloyati hokim o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i K.Karomova, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Qashqadaryo viloyati Kengashi xotin-qizlar komissiyasi raisi D.To‘xtayeva, O‘zbekiston Energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Yu.Adilova, "O‘zbekneftgaz" AJ xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti raisi o‘rinbosari G.Sobirova hamda "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi D.Osimovalar so‘z olib, bugungi kunda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga moddiy yordam ko‘rsatish, oilaviy va xususiy tadbirkorlik, hunarmandchilikni tashkil etishda, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallashda ularga ko‘maklashish va rag‘batlantirish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng islohotlar haqida hamda qo‘shni davlatlar bilan olib borilayotgan hamkorliklar haqida ma’lumotlar berildi. 


Yuqori saviyada tashkil etilgan ochilish marosimidan so‘ng, ishtirokchilarni ilm olishga, kitob o‘qishga, izlanishga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan "Breyn ring" intellektual shousi bo‘lib o‘tdi.


Qiziqarli va mantiqiy savollarga boy bo‘lgan aql charxi bahsida "Shurtan gaz kimyo majmuasi" xotin-qizlaridan iborat bo‘lgan 1- jamoa va Chet ellik ishtirokchilardan iborat 10- jamoa g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.
Forumning ikkinchi kunida "Xotin-qizlar huquqlari va ularga berilayotgan imtiyozlar, gender tenglik" mavzusida seminar hamda mantiqiy fikrlash va chaqqon harakatlarni talab etuvchi kvest treningi o‘tkazildi.


Kunning ikkinchi qismi sport tadbirlari bilan davom etib, ishtirokchilar quvnoq sport va suv polosi kabi sport turlarida bellashdilar.


Sport musobaqalari yakunlariga ko‘ra: Quvnoq sport musobasida "O‘zbekneftgaz" AJ tarkibidagi turdosh korxonalarda faoliyat olib boruvchi xotin-qizlardan iborat 8-jamoa, Suv polosida "Shurtan GKM" MCHJ xotin-qizlaridan iborat 1-jamoa g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.
Shundan so‘ng, Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri tomonidan taqdim etilgan "Zamonlar osha - madaniy meros" shou dasturi va "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ xotin-qizlaridan iborat "Quvnoqlar va zukkolar" jamoasi chiqishlari sport tadbirlaridan so‘ng ishtirokchilarga yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Kun yakunida esa forumning yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi va tashkilotchilar tomonidan barcha g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi tashkil etildi.

Forum uchun tayyorlangan mushaklar shousi hamda gulxan atrofida tashkil etilgan konsert dasturi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati